Pedagoglarga davlat mukofotlari topshirildi
Prezidentimizning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Surxondaryo viloyatidan ham soha fidoyilari davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlandi.
Bugun viloyat hokimligida davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, o‘qituvchi va murabbiylar ishtirok etgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan yuksak e’tibor yaxshi samaralar berayotgani ta’kidlandi. Buning uchun o‘quv muassasalarida barcha zamonaviy sharoitlar yaratilib, xorij tajribasi keng joriy etilayotgani, soha xodimlari ijtimoiy himoya qilinayotgani qayd etildi.
[gallery-19519]
Viloyatdagi 961 ta umumta’lim maktabida yosh avlodga ta’lim-tarbiya berilmoqda. Birgina joriy yil investitsiya dasturi doirasida yettita maktabda mukammal, 48 ta maktabda kapital ta’mirlash ishlari bajarildi. Uchta yangi maktab qurilmoqda. Joriy yil birinchi mavsum “Tashabbusli byudjet” loyihasi bo‘yicha 41 ta maktabda 40 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 138 ta umumta’lim maktabi 2 ming 346 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi bilan ta’minlandi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida beshta umumta’lim maktabiga 106 dona kompyuter jamlanmasi yetkazib berildi. 92 ta umumta’lim maktabi 3 milliard 200 million so‘mlik 154 dona zamonaviy elektron doskaga egalik qildi. 948 ta maktabga 7 turdagi musiqa anjomlari hamda 5 turdagi birlamchi sport jihozlari yetkazib berildi. Bunday e’tibor natijasida maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi so‘nggi besh yilda 12 foizdan 34 foizga o‘sdi.
Marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokchilarni 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklab, vohadagi ta’lim muassasalarida fidokorona mehnat qilayotgan olti nafar soha xodimiga davlatimizning yuksak orden hamda medallarini tantanali topshirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri