Pedagoglarga avia va temiryo‘l chiptalari uchun chegirma berilishi mumkin
O‘zbekistonda ayrim toifadagi pedagoglarga mamlakat bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezd chiptalari uchun chegirma berish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab yuqori natija ko‘rsatgan ta’lim muassasalari pedagoglari uchun avia va temiryo‘l chiptalariga yilda bir marta imtiyoz berish tartibini doimiy asosda joriy etish taklif qilinmoqda.

Loyihada respublika reytingida top-100 talikka kirgan umumta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglariga, top-20 talikka kirgan texnikumlar pedagoglariga, top-10 talikdan o‘rin olgan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilariga chegirmalar berish nazarda tutilgan.
Taklif etilayotgan tartibga muvofiq, samolyotlarning ekonom-klass tariflari hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlardan tashqari temiryo‘l qatnovlaridagi platskart va kupe vagonlari chiptalari uchun 15 foiz chegirma berilishi mumkin.
Ushbu imtiyoz yilda bir marta, O‘zbekiston hududi bo‘ylab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri borish va qaytish yo‘nalishida amal qiladi.
Qaror loyihasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan reytingga kirgan ta’lim muassasalari haqidagi ma’lumotlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Uzbekistan Airways” kompaniyalariga taqdim etib borilishi belgilangan.
Shuningdek, pedagoglar mazkur imtiyozdan foydalanish uchun ta’lim muassasasi rahbariyatidan ish joyi va lavozimi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma olishi lozim bo‘ladi.
Mazkur tashabbus pedagoglarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini munosib rag‘batlantirish hamda ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish va o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA