Pedagoglar malakasini baholash — ta’lim sifatining asosiy mezoni
Yurtimizda ta’lim tizimini isloh qilish, uni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun maktabgacha, umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirokida kimyo fanidan malaka toifa sinovlariga start berildi.

Ushbu sinov jarayonlarida 214 ming nafardan ortiq pedagogning ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur sinovlar pedagoglarning nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari va zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish darajasini baholash imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, dars sifati oshishi va o‘quvchilarning bilim darajasi yuksalishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, malaka toifasini oshirish pedagoglar uchun nafaqat kasbiy nufuz, balki moddiy rag‘batlantirish imkoniyatlarini ham yaratadi.
Qayd etish joiz, malaka toifa sinovlari zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etilmoqda.

Umuman olganda, malaka toifa sinovlari — ta’lim sifatini oshirish, malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish va kelajak avlodga sifatli ta’lim berish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA