Pedagoglar fin tizimida tayyorlanadi
Yangi o‘quv yilidan Samarqandda yana bir oliy ta’lim muassasasi – Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston – Finlandiya pedagogika instituti faoliyat boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 iyundagi qarori asosida tashkil etilgan yangi pedagogika institutida beshta fakultet – pedagogika, maktabgacha ta’lim, san’atshunoslik, xorijiy tillar va gumanitar fanlar hamda aniq-tabiiy fanlar va jismoniy madaniyat fakultetlari faoliyat boshladi. Institutda 14 yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi belgilangan.

– Ta’lim tizimini isloh qilish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi institut direktori vazifasini bajaruvchi Akram Begmatov. – Finlyandiyalik mutaxassislarning ta’lim-tarbiya sohasidagi tajribasi dunyo miqyosida alohida o‘rin tutadi. Shu asosda mamlakatimiz ta’lim tizimiga malakali kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan. Buning uchun hamkorlik memorandumi imzolangan. Finlyandiyaning eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalari malakali mutaxassislari institutimizga jalb qilinadi. Ular o‘quv mashg‘ulotlari olib boradi. Kelgusida institutimizning maktabgacha ta’lim muassasasi va umumta’lim maktabi tashkil qilinib, tizimning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda talabalarimizga malakali mutaxassislar ko‘magida amaliy tajriba orttirish imkoniyatlari yaratiladi. Bir so‘z bilan aytganda, institutimizda ta’lim tizimi uchun eng munosib kadrlar tayyorlanadi.

Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston – Finlyandiya pedagogika institutiga 2160 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Ularning 1300 nafari kunduzgi, 375 nafari kechki, 800 nafari sirtqi ta’lim shaklida hamda 135 nafari magistraturada tahsil oladi. Ta’lim o‘zbek, rus va tojik tillarida olib boriladi. Ularga 150 nafar o‘z sohasining yetuk professor-o‘qituvchilari dars beradi.

G‘. HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA