Paygʻambarlar qargʻishidan qoʻrqing...
Har yili may oyining birinchi haftasida Xalqaro saygʻoqlar kuni keng nishonlanadi.
Har yili may oyining birinchi haftasida Xalqaro saygʻoqlar kuni keng nishonlanadi. Oʻzbekistonda mazkur sana 5-may kuni nishonlanadi. Bu sana bejiz tanlanmagan boʻlib, aynan mazkur sana atrofida saygʻoq bolasi dunyo yuzini koʻradi.
Yer sharining atigi besh hududida saygʻoqlar yashaydi. Shulardan biri Ustyurt kengliklaridir. “Qizil kitob”ga kiritilgan saygʻoqlar hudud ekotizimini saqlashda muhim ahamiyat kasb etib, choʻllarning asl tabiiy muvozanatini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Ajoyib sahro jonivori haqida rivoyatlar koʻp.
Odam Ato yerga tushgandan keyin barcha jonzot Buyuk Allohning oʻrinbosarini koʻrgisi kelibdi. Shu vaqtda eng birinchi marta Odam Atoni koʻrgan saygʻoq ekan. U “Allohning xalifasi yerga tushdi” degan xabarni eshitganda Ustyurt sahrosidan Jidda togʻiga qarab yurgan. Odam Ato bilan Momo Havo Jidda togʻining etagiga uy qurib, tirikchilik qilayotgan ekan.
Saygʻoq uzoq yoʻl yurib, charchab, Odam Atoning turar joyiga yetganda qulaydi. Odam uni koʻtarib olib, uyiga olib keladi va unga anjirning yaprogʻini berib saqlaydi. Odam Ato mehr-muhabbat bilan uning tumshugʻidan siypalaganini yaxshi koʻrar ekan. Alayhissalomning qoʻli teggani uchun kiyikning tumshugʻi boshqa hayvonlardan oʻzgacha, goʻzal ekan. Orqasidan siypaganda, tanasidan xoʻsh hid tarqalibdi. Oyoqlarini siypaganda tuyogʻiga jon kiribdi va qush ham yeta olmaydigan chopqir jonivorga aylanibdi. Tuyogʻi ming xil dardga davo boʻlibdi. Koʻzidan oʻpganda yuzi chiroylanib, koʻzlari eng suluv hayvonga aylanadi. Shoxidan ushlagan ekan unga ham shifobaxsh xosiyat ato qilinibdi. Paygʻambarning kafti beliga tegganda, boʻgʻoz vaqtida ichidagi ulogʻining jinsini xohishiga qarab oʻzgartira oladigan boʻlibdi.
Saygʻoqning ataylab kelganiga koʻngli toʻlgan Odam Ato:
– Jonivorim, men sendan roziman. Arzing boʻlsa ayt. Mehribon Allohdan duo qilib bir muhtojingni bitiray, – deydi. Shunda kiyik:
– Bolalagan paytimda ulogʻim hasharotlarga yem boʻladi. Undan tashqari, qashqir yeb ketadi. Sahroning choʻbi uloqlarimga ogʻirlik qilib, yogʻ yigʻa olmaydi. Shu qiyinchiliklardan qutqarsangiz, – deydi.
Odam Ato Allohga saygʻoqning arzini yetkazib, qiyinchiliklardan qutqaribdi. Shundan buyon Allohning amri bilan kiyiklar bolalaydigan vaqtda sahroliklarda hasharotlar chiqmaydigan salqin boʻladi. Buyuk Alloh shu vaqtda qashqirning kiyikka boʻlgan nafsini ham tiyadi. Uloqlar podaga qoʻshilguncha qashqirlar ularga yaqinlasha olmaydi. Yosh kiyik uchun maxsus sahroda tuyatovon degan choʻp oʻstiradi. U faqat kiyik bolalaydigan vaqtdagina koʻkarib, koʻklab, kichkina uloqlarga ozuqa boʻlar ekan.
Kiyik Buyuk Allohning xalifasini koʻrib, qoʻlidan yem yeydi va maqsadi bajarilgandan soʻng ochiq sahrolikka qaytmoqchi boʻladi. Shu vaqtda Odam Ato unga oq fotihasini beradi. Shundan boshlab kiyik muqaddas sahro hayvoniga aylanibdi. Uni nohaq oʻldirgan kishi Odam Atoning qargʻishiga uchraydi, degan tushuncha bor.
Diniy rivoyatlarda Odam Ato yerga tushgan vaqtda jannatdan anjirning beshta yaprogʻini olib tushgan ekan. Yaproqlarning birini asalari, birini ipak qurti, birini kiyik yegan deyishadi. Qolgan ikkisini Odam Ato yerga ekkan. Kiyik jannat mevasini yegandan keyin tabarruk jonzotga aylanibdi.
Xalq ogʻzida juda koʻp aytilgan rivoyatlardan birida Muhammad paygʻambar kiyikni qutqaraman deb jonini qurbon qilibdi.
Bir vaqtlari kiyik ovchining qurgan toʻriga tushib qolibdi. Kiyikni paygʻambar namoz oʻqiyotganda koʻradi. Darhol otiga minib, ovchining tuzogʻiga boribdi. Qarasa ovchi oʻljasini boʻgʻizlay deyotgan ekan. Paygʻambar ovchiga:
- Kiyikni ozod qilib, mening jonimni ol. Qurboning boʻlay, faqat kiyikni oʻldirma,-deb yolvoradi.
Ovchi paygʻambarning mehr-shavqatini koʻrib, kiyikni boʻshatib yuboradi.
Xalq orasida “kiyikni nohaq oʻldirma”, “kiyikka Muhammad paygʻambar qalqon boʻlgan”, “kiyik uchun paygʻambar jonini bergan” degan nasihat keng tarqalgan. Kiyikni oʻldirsa, Muhammad paygʻambarning qargʻishi uradi, degan irim ham bor.
Rivoyatlardan xulosa shuki, saygʻoqlarning bosh soni koʻpayishiga har birimiz hissamizni qoʻshishimiz kerak. Zero, saygʻoq Allohning nazari tushgan jonzotdir.