Payariqda O‘zA bog‘i tashkil etildi
Yurtimizda "Yashil makon" umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, mamlakatimizni bog‘u bo‘stonga aylantirish maqsadida hayotga tatbiq etilayotgan mazkur loyihada barcha yurtdoshlarimiz, mehnat jamoalari, korxona va tashkilotlar qatnashmoqda.

Yaqinda poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi ta’lim muassasalarida 200 tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekkan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jamoasi bu gal Samarqand viloyatining Payariq tumanida ushbu loyihada qatnashdi. Tumanning eng olis, tog‘lar orasidagi Nakurt qishlog‘ida bir gektar maydonda O‘zA bog‘i tashkil etildi.

Payariq tumani hokimligi bilan hamkorlikda ushbu bog‘da turli xil mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
– Nakurt biz uchun juda qadrli, aziz maskan, – dedi O‘zA bosh direktori A.Ko‘chimov. – Bu qishloqqa o‘zbek adabiyotining yetuk vakili, qardonimiz Azim Suyun bilan birga ko‘p kelganmiz. Bugun ham u kishini xotirlab, ezgu ishlarini yodga oldik.


Nakurt adirlarida Azim aka ekkan nihollar bugun ko‘kka bo‘y cho‘zgan, ularning hosilidan kattayu kichik bahramand bo‘lmoqda. Ana shu an’anani davom ettirib, Nakurtda O‘zA bog‘ini yaratishga qaror qildik.

Bu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagan Payariq tumani hokimligiga minnatdorlik bildiramiz. Umuman, bugun "Yashil makon" loyihasida ertangi kunimizga, kelgusi avlodlar taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimiz faol ishtirok etishi kerak.
Yangi boqqa O‘zA jamoasi va Payariq tumani hokimi Z.Ergashev hamda sektorlar rahbarlari ezgu niyatlar bilan ko‘chat ekdi.

<iframe width="885" height="664" src="https://www.youtube.com/embed/VPQv6bt8eWI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA