«Paxtakor» ustozi Elit OCHL saralash o'yini oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi
Bahs oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida «Paxtakor» yordamchi murabbiyi Emilian Karas (Kamoliddin Tojiyev zarur litsenziyasi yo'qligi sabab OFK turnirlarida murabbiylik qila olmaydi) va yarim himoyachi Bashar Resan ishtirok etdi.
«Paxtakor» OCHL Elit saralash bosqichidagi muhim uchrashuvga tayyorgarlikni yakunlamoqda. Toshkent klubi bir uchrashuvdan iborat qarama-qarshilikda Iordaniyaning «Al-Husayn» jamoasini qabul qiladi.
Bahs oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida «Paxtakor» yordamchi murabbiyi Emilian Karas (Kamoliddin Tojiyev zarur litsenziyasi yo'qligi sabab OFK turnirlarida murabbiylik qila olmaydi) va yarim himoyachi Bashar Resan ishtirok etdi.
Karasning aytishicha, u so‘nggi oylar davomida Iordaniya futbolini, xususan, «Al-Husayn»ning o‘yinlarini kuzatib borgan. Murabbiy raqib tarkibida Jahon chempionatida qatnashgan bir qator futbolchilar borligini alohida qayd etdi.
Uning fikricha, Iordaniya terma jamoasining mundialdagi ishtiroki mamlakat futboli darajasi yuqori ekanini ko‘rsatdi. «Al-Husayn» ham chempionat va kubokdagi natijalari bilan e’tiborini tortgan.
«Ertaga bizni oson uchrashuv kutmayapti», — deya ta’kidladi Karas.
Bashar Resan ham raqibning imkoniyatlariga yuqori baho berdi. Iroqlik futbolchi «Al-Husayn» tarkibidagi bir nechta futbolchilar yaqinda Jahon chempionatida ishtirok etganini eslatdi.
«Paxtakor» esa uchrashuvga qisqa muddatda tayyorgarlik ko‘rishga majbur bo‘lgan. Jamoa to‘rt kun avval «Buxoro» bilan o‘ynagan va shu vaqt ichida asosan tiklanish hamda taktik tayyorgarlikka e’tibor qaratgan.
Ayman Hussayn masalasi
Matbuot anjumanida Ayman Hussaynning «Paxtakor»ga o‘tishi haqida ham savol berildi.
Resan Iordaniya terma jamoasi hujumchisini Osiyodagi kuchli forvardlardan biri sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hussayn O‘zbekistondagi futbol va Superliga haqida ma’lumot olish uchun undan maslahat so‘ragan.
«U Superliga va bu yerdagi hayot haqida mendan so‘ragan. Men unga O‘zbekistondagi chempionat kuchli ekanini aytdim», — dedi Resan.
Ayni paytda «Paxtakor» safida uch nafar (Bashar Resan, Zaid Tahsin, Ayman Hussayn) iroqlik futbolchi to‘p tepmoqda.
Karas jamoaning ikkinchi bo‘limdagi pasayishi sababini aytdi
«Paxtakor»ning so‘nggi o‘yinlarda hisobda oldinga chiqib olganidan keyin ustunlikni saqlab qolishda qiynalayotgani ham murabbiyga savol sifatida berildi.
Karas buni jismoniy tayyorgarlik bilan bog‘lamadi. Uning fikricha, asosiy muammo konsentratsiya bilan bog‘liq.
Murabbiy «Buxoro»ga qarshi uchrashuvni misol qilib keltirdi. «Paxtakor» 2:0 hisobida oldinda borayotgan paytda raqibning gol urishi o‘yinning ruhiy holatini o‘zgartirib yuborgan.
«Bunday vaziyatda hisobni saqlab qolish emas, ustunlikni yanada oshirish haqida o‘ylash kerak», — dedi Karas.
Alijonovning maydonga tushishi so‘roq ostida
Xojiakbar Alijonovning holati ham hozircha aniq emas. Himoyachi jamoaviy mashg‘ulotlarga qaytgan, biroq to‘liq yuklamada ishlamayapti.
Karasning bildirishicha, futbolchi hali yakkakurashlarda qatnashmayapti. Uning holati bugun va ertangi uchrashuv oldidan yana baholanadi. Yakuniy qaror o‘yindan oldin qabul qilinadi.
«Paxtakor»ning rejasi qanday?
Saralash bosqichi birgina uchrashuvdan iborat bo‘lgani uchun Karas taktika borasidagi aniq rejani oshkor qilmadi. Murabbiy jamoa natija uchun maydonga tushishini, uchrashuvda ob-havo va boshqa tashqi omillar ham hisobga olinishini bildirdi.
«Paxtakor»ning yana bir muammosi — raqibning Toshkentga erta kelgani. «Al-Husayn» vakillari jamoaning so‘nggi o‘yinini stadiondan kuzatib, raqib haqida yetarlicha ma’lumot to‘plashga ulgurgan.
Shunga qaramay, Karas «Paxtakor» o‘zining kuchli jihatlaridan foydalanishga harakat qilishini aytdi. U «Al-Husayn» tarkibiga ko‘plab yangi futbolchilar qo‘shilganini ham o‘z jamoasi uchun ijobiy omil sifatida ko‘rmoqda.
Resan: «Maydon holati bizni chalg‘itmasligi kerak»
Matbuot anjumanining yana bir mavzusi «Paxtakor» stadionidagi maydon holati bo‘ldi.
Resanning ta’kidlashicha, u taxminan bir oy avval maydon ancha yaxshi holatda bo‘lganini ko‘rgan. Hozirgi vaziyat esa ideal emas.
Biroq futbolchi maydon muammosini bahona qilish niyatida emas.
«Ertaga asosiy e’tiborimiz natijaga qaratiladi. Maydon holati bizga xalaqit bermasligi kerak», — dedi u.
Resan, ayniqsa, hujumkor futbol namoyish etadigan jamoalar uchun sifatli maydon muhimligini ta’kidladi. Shunga qaramay, «Paxtakor» futbolchilari sharoitdan qat’i nazar, faqat g‘alaba haqida o‘ylashini bildirdi.
Uchrashuv g‘olibi OCHL Elitning asosiy bosqichiga yo‘l oladi.