“Paxtakor” peshqadamlikni mustahkamlab oldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining yigirma uchinchi turidan so‘ng Toshkentning “Paxtakor” jamoasi turnir jadvalidagi yetakchiligini mustahkamlab oldi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining yigirma uchinchi turidan so‘ng Toshkentning “Paxtakor” jamoasi turnir jadvalidagi yetakchiligini mustahkamlab oldi.Amaldagi chempion mazkur tur doirasida o‘z maydonida Bekobodning “Metallurg” jamoasini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvning 22-daqiqasida mehmonlar hisobni ochdi. Ayubxon No‘monovning zarbasini “Paxtakor” darvozaboni qaytara olmadi. 75-daqiqada bekobodliklardan Shohnazar Norbekov maydon egalari darvozasiga to‘p kiritdi. Ammo so‘nggi o‘n daqiqada hujumga zo‘r bergan “Paxtakor” jamoasi yakunda g‘alabani “ilib ketdi”. “Metallurg” darvozasiga Bahodir Pardayev bitta, Igor Sergeyev ikkita (penaltidan) gol kiritdi.
Mazkur turdan so‘ng “Paxtakor” ochkolar sonini 60 taga yetkazib oldi. Bu eng yaqin ta’qibchisi “Lokomotiv” (Toshkent) jamoasidan 5 ochko ko‘pdir.
Temiryo‘lchilar “Andijon” (Andijon) mehmoni bo‘lib, raqiblarini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. “Lokomotiv”ga g‘alaba keltirgan gollarga Temur Kapadze va Sanjar Shoahmedov mualliflik qildi.
Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi ustidan 2:0 hisobida zafar quchdi. 35-daqiqada hakam tomonidan belgilangan penaltini Shaker Zuagi aniq amalga oshirib hisobni ochgan bo‘lsa, 56-daqiqada Eldor Shomurodov jizzaxliklar darvozasiga to‘p kiritdi.
Turning golga boy bahsi Qarshida bo‘ldi. “Nasaf” va “Navbahor” (Namangan) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv maydon egalarining 5:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Qolgan uchrashuvlar natijalari quyidagicha: “Dinamo” (Samarqand) – “Neftchi” (Farg‘ona) 0:1, “Qo‘qon –1912” (Qo‘qon) – “Qizilqum” (Navoiy) 1:0, “Olmaliq” (Olmaliq) – “Sho‘rtan” (G‘uzor) 3:1, “Buxoro” (Buxoro) – “Mash’al” (Muborak) 3:1.