Paxta yig‘im-terim ishlari davom etmoqda
Kuz dehqonlarning yil bo‘yi qilgan mehnatlari sarhisobini qiladigan fasl. Bu davrda yetishtirilgan hosil yig‘ishtirib olinib, kelgusi yilga tayyorgarlik ko‘riladi. Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida paxta yig‘im-terimi avjiga chiqqan. Navoiy viloyatida ham ushbu mavsum uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Joriy yil erta bahorda Karmana tumanidagi 131 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 4081 gektar maydonga chigit ekilgan bo‘lib, 17 ming 360 tonna paxta hosili yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda paxta yig‘im-terimi mavsumini yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan qisqa fursatlarda yakunlash maqsadida 114 ta terim otryadlari tashkil qilinib, 140 dona paxta tashish transportlari biriktirilgan. Shuningdek, 1714 gektar maydondagi hosil paxta terish mashinalarida, 2367 gektar maydon esa qo‘lda terib olish belgilangan. Paxta dalalaridan terib olingan hosil “Baxt Testil” MCHJga qarashli 3 ta paxta qabul qilish maskaniga topshiriladi. Maskanlardagi elektron tarozilar to‘liq “agrotarozi” axborot tizimiga ulangan hamda hosil qabuli tizimiga integratsiya qilingan.
[gallery-25429]
– Mahallamiz hududida 11 ta fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ular tomonidan erta bahorda 367 gektar maydonga chigit qadalgan edi. Rejamiz esa 1761 tonna paxta hosili yig‘ishtirib olish, – deydi Shibzon mahallasi raisi Abdulla Ergashev. – Hududimizdagi “Abdurahmon” va “Bolta Rashid Karmana” fermer xo‘jaliklari o‘tgan yili lizing asosida paxta terish mashinasi sotib olgan edi. Bugungi kunda terim mashinalari unum bilan ishlatilmoqda. Shuningdek, har kuni 400 nafarga yaqin terimchi fermerlar dalalarida terim jarayonlarida ishtirok etmoqda.
“Ahmad Sanjar orzusi” fermer xo‘jaligi rahbari Mahmud Hayitov Karmana tumanidagi ilg‘or fermerlardan biri sanaladi. Fermer joriy yilda 28 gektar maydonda g‘alla, 28 gektar maydonda paxta ekib, parvarishladi.
– Har yili g‘allachilikda ham, paxtachilikda ham oldimizga qo‘yilgan majburiyatlarni ortig‘i bilan ado etamiz, – deydi M.Hayitov. – Joriy yilda g‘alladan 70 sentnerdan hosil oldik. Paxtamiz ham yomon emas. “S-01” navini ekkanmiz. Hozircha o‘rtacha 52-55 sentnerdan hosil yig‘ishtirib olyapmiz. Hali terilmagan maydonlarimiz bor. Ularni ham yig‘ishtirib olsak, hosildorligimiz yanada oshadi. Paxtamizni mahallamizdagi “Bolta Rashid Karmana” fermer xo‘jaligi tomonidan sotib olingan paxta terish mashinasida teryapmiz. Paxtachilik va g‘allachilikdan tashqari, asalarichilik, chorvachilik tarmog‘imiz bor. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlardan sabzi, sholg‘om, lavlagi ekkanmiz.
– “Boshiran” rusumli to‘rt qatorli paxta terish mashinasi yuqori samaradorlikka ega bo‘lib, 76-90 sxemada ekilgan maydonlarda terim ishlarini olib borish uchun mo‘ljallangan, – deydi terim mashinasi operatori Umrzoq Boltayev. – Ushbu texnika yordamida kuniga o‘rtacha 10 tonna paxta teryapman. Bu ko‘rsatkich qo‘l bilan mehnat qiladigan 100-110 nafar terimchining ishiga teng keladi. Mashina kabinasi juda qulay, barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan. 8-10 soat ishlasangiz ham charchoq sezilmaydi.
Ayni kunlarda viloyatda paxta yig‘im-terimi uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari