Paxta hosilini yig‘ib olishga bag‘ishlangan seminar
Jizzax viloyatining tumanlarida 2024 yilgi paxta hosilini uyushqoqlik bilan yig‘ib olishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminarlar bo‘lib o‘tmoqda.
Qimmatbaho xomashyoni qisqa fursatlarda yig‘ib-terib olish maqsadida Mirzacho‘l tumanida tashkil etilgan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Maslahatchisi Sh.G‘aniyev, viloyat hokimi E.Saliyev, viloyat va tumanlar sektorlari rahbarlari, paxtachilik tumanlari hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi xodimlari, klasterlar va ushbu tuman paxtachilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Joriy yil tumanda yetishtirilishi rejalashtirilgan 47 ming 730 tonna paxta hosilini tez va sifatli terib olishga 18 ta otryadga biriktirilgan 42 ta paxta terish mashinalari yordamida 42 ming 630 tonna paxta xomashyosi terib olinishi rejalashtirilgan.
Tadbirda 2024 yil yig‘im-terimga tayyorlanayotgan paxta dalalarini defoliatsiya qilish, terim mavsumini to‘g‘ri tashkil etish, kelgusi yil hosili uchun g‘alla ekish ishlarini tashkil qilishga e’tibor qaratish seminarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
[gallery-18721]
Shuningdek, tadbirda paxta tashish texnikalari va qabul qilish punktlarining tayyorligi, ushbu jarayondagi yong‘in xavfsizligi, yoqilg‘i ta’minoti masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.