Paxta hosildorligi 32 sentnerga yetkaziladi
Joriy yilning erta bahorida Jizzax viloyati mirishkorlari 80 ming 200 gektar yerga baraka urug‘i qadab, yalpi xirmonni 256 ming 600 tonnaga, hosildorlikni 32 sentnerga yetkazishni rejalashtirgan.
G‘o‘za parvarishidagi agrotexnik tadbirlarni obi-tobida o‘tkazgan Sharof Rashidov, Mirzacho‘l tumanlari bobodehqonlari yig‘im-terimni allaqachon boshlab yuborgan bo‘lsa, Do‘stlik, Paxtakor, Zafarobod, Zarbdor va Arnasoy tumanlarida paxta terish mashinalari va ilg‘or terimchilar yetishtirilgan hosilni terib olishga shay.
Joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 1 ming 200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1 ming 500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lash belgilandi.

O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S.Tojiyevning aytishicha, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining chekka tumanlarida terimchilarni qo‘shimcha jalb qilish maqsadida qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun Respublika byudjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan 230 so‘mdan ustama haq to‘lanishini ta’minlanadi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘zlariga biriktirilgan hududlarda terim pulini mustaqil belgilashi, ya’ni tavsiya etilayotgan narxlardan yuqori miqdorda haq to‘lashlari ham mumkin ekanligi ta’kidlandi.

Viloyatda birinchi bo‘lib qimmatbaho xom ashyo terimiga kirishgan Sharof Rashidov tumanida paxta yig‘im-terim ishlari ayni qizg‘in pallaga kirdi. Tumandagi Alisher Navoiy nomli suv iste’molchilari uyushmasi hududidagi “Obod makon” fermer xo‘jaligi paxta yig‘im-terimi shartnomaviy rejasini viloyatda birinchilardan bo‘lib 102 foizga ortig‘i bilan bajardi. Tuman hokimi M.Xolbo‘tayev ilg‘or terimchilarga minnatdorchilik bildirib, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar berdi.
Viloyatda 401 dona paxta terish mashinalarida 35 ming 958 gektardagi yoki hosilning 125 ming 412 tonnasini, qo‘l terimi chevarlari yordamida esa 44 ming 242 gektardagi yoki 131 migng 187 tonna paxtani terib olish rejalashtirilgan.
256 ming 600 tonnalik barakali xirmon yaratishda aslo hormang, olov qalbli jizzaxlik paxtakorlar.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA