Paxta – 2026: Do‘stlikda kombaynlar terimga tushdi (+video)
Jizzax viloyati Do‘stlik tumani paxtazorlarida bir yillik mehnatning eng mas’uliyatli pallasi – oq oltinni yig‘ib-terib olish mavsumi boshlandi. Endi har bir ochilgan ko‘sak, har bir terilgan kilogramm paxta yil davomida qilingan mehnatning amaliy natijasiga aylanadi.
Bu yil Do‘stlik tumanida 13 ming gektar maydonda paxta yetishtirildi. Tuman paxtakorlari oldidagi maqsad esa salmoqli – har gektardan o‘rtacha 55,8 sentnerdan hosil olish. Oddiy hisobning o‘ziyoq bu raqamning salmog‘ini ko‘rsatadi: mavjud maydon va rejalashtirilgan hosildorlik asosida 72,5 ming tonna atrofida paxta olish imkoniyati bor.
Demak, daladagi bugungi har bir harakatning ortida katta xirmon turibdi.

Bu mas’uliyatni his qilib, mavsumni birinchi bo‘lib boshlagan xo‘jaliklardan biri Murod Abduvosiyev nomli fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasidagi “A-Kubro” fermer xo‘jaligi. Xo‘jalikning 30 gektarlik maydonida boshlangan dastlabki terimda har gektardan 70 sentner hosil olinayotir.
70 sentner bu shunchaki raqam emas. Bu raqam ortida suvni o‘z vaqtida yetkazish, g‘o‘za parvarishi, oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash, eng muhimi, daladagi har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida bajarishdek mashaqqatli jarayon bor.

Do‘stlik tumanidagi 384 ta fermer xo‘jaligi uchun bugungi vazifa bitta: yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay, qisqa muddatda va sifatli yig‘ish.
Zero, zamonaviy paxtachilikda hosilni yetishtirishning o‘zi kifoya emas. Uni o‘z vaqtida yig‘ib olish, dalada qoldirmaslik, sifatini saqlagan holda qabul punktlariga yetkazish ham alohida mas’uliyatni talab qiladi.

Terimdan bo‘shagan maydonlar taqdiri ham e’tibordan chetda emas. G‘o‘zapoyalarni mulcher asosida o‘rib, maydonni tezda keyingi ekinga tayyorlash bugungi paxtachilikdagi muhim talablardan.
Do‘stlik dalalarida hozir ana shu jarayon boshlangan. “A-Kubro”dagi dastlabki natijalar esa mavsumning umidli kirib kelayotganidan darak bermoqda.

Oq oltinning har bir tolasi daladagi bir kunlik emas, bir yillik mehnat mahsuli. Shu bois bugungi terim ertangi xirmon, katta xirmon esa el dasturxoni va farovonligi demakdir.
Do‘stlik tumani paxtakorlari shu ezgu maqsad yo‘lida dalaga chiqqan.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri