“Parvoz xumo ravnaq trans” ravnaq topmoqda
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Parvoz xumo ravnaq trans” MCHJga press - tur tashkil etildi.
“Parvoz xumo ravnaq trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2017 yilda G‘ijduvon tumanidagi umumiy yer maydoni 9,1 gektardan iborat bo‘sh turgan sobiq ip yigiruv fabrikasi investitsiya kiritish sharti bilan nol xarid qiymatida berilgan edi. Korxonaga 2018 yilda 20 million dollar imtiyozli kredit ajratildi. Buning evaziga Shvetsariya davlatining zamonaviy ip-kalava ishlab chiqarish texnologiyalari keltirib o‘rnatildi. Shuningdek, faoliyatning dastlabki davrida korxona tomonidan jami qiymati 27 million dollardan iborat investitsiya o‘zlashtirildi. 300 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. O‘sha paytda jamiyat tomonidan yiliga 180 milliard so‘mlik 9,1 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan edi. 2-bosqichda 2020-2021 yillarda qiymati 155,4 milliard so‘mlik paxta tolasidan hamda kimyoviy tolalar aralashmasidan ip-kalava va tayyor mato ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish evaziga 400 nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Bugun esa bu raqamlar salmog‘i yanada ortdi.
Loyihaning uchinchi bosqichida har biri 7 ming kvadrat metrli 5 qavatli bino qurib bitkazildi. Bu esa 1000 nafar ishchi o‘rni yaratilishiga asos bo‘ldi. Umumiy qiymati 200 milliard so‘mdan iborat bo‘lgan tikuvchilik kompleksi faoliyati tashkil etilishi ishlab chiqarish ko‘lamini ham kengaytirdi. 2018-2023 yillar davomida 83 million AQSH dollari miqdorida investitsiya joriy qilindi. Buning evaziga paxta xomashyosini qayta ishlashdan to tayyor trikotaj kiyim mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonigacha bo‘lgan loyihalar amalga oshirildi. Jamiyatda asosan mahalliy yoshlar va xotin-qizlar mehnat qiladi.
[gallery-15289]
Ayni paytda “Parvoz xumo ravnaq trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati dunyoning 20 dan ortiq mamlakati bilan hamkorlik qilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari paxtadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayon bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullarda javoblar olishdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari