Partiyaning hududiy rejalari ko‘rib chiqildi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent viloyat Kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi.
Unda partiyaning viloyat miqyosida amalga oshirayotgan ishlari sarhisob qilinib, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha kelgusidagi vazifalar muhokama etildi.
Tadbirda viloyat Kengashi a’zolari, hududiy tashkilot rahbarlari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Plenum kun tartibidan partiyaning joriy yilgi faoliyatiga oid muhim masalalar, hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari hamda yangi tashabbuslarni ilgari surish kabi dolzarb masalalar o‘rin oldi. Xususan, partiya Toshkent viloyat Kengashi raisi Mahmud Nazarov o‘tgan yil yakunlari hamda joriy yilda amalga oshirish lozim bo‘lgan rejalar bo‘yicha atroflicha axborot berdi.
Qayt etilganidek, 2025-yil boshida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent viloyat Kengashi viloyat “Hunarmand” hamda turizm boshqarmalari bilan sohalarni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzoladi. Buning natijasida Oqqo‘rg‘on tumanida “Qanqa shahriston”, “Shohruhiya shahriston”, Ohangaron tumanida “Suyurlitepa”, Piskent tumanida “Qorixona” (mil. avv. II-I asrlar) arxeologiya yodgorligi madaniy meros ob’ektlarini YUNESKO umumjahon ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar berildi.
Shu bilan birga, joylarda faoliyat olib borayotgan deputatlar tomonidan aholiga qulaylik yaratish borasidagi faol tashabbuslar alohida e’tirof qilindi.
— Har chorakda deputatlarning faoliyati yuzasidan axborot tahlil bo‘limi tomonidan ma’lumotlar tayyorlanmoqda, — deydi partiya viloyat Kengashi raisi M. Nazarov. — 2025-yilning yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinganida joylardagi ayrim muammolardan kelib chiqib mutasaddilarga deputatlik so‘rovlari, murojaat xatlari chiqarilmagani, partiyaning Saylovoldi dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, sessiyalarga masalalar kiritilishi talab darajada emasligini ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda aholini ish bilan ta’minlash, ayniqsa, yoshlar va ayollarni kasbga-hunarga yo‘naltirish, bandlik, “Ustoz-shogird” an’analarida tashabbus ko‘rsatishimiz kerak. “Uyma-uy” va “Xizmat-beminnat” loyihalari aynan deputatlarimiz tomonidan dadillik bilan xalq ichiga kirib borish, ularni qiynayotgan muammo va to‘siqlarga amaliy yordam ko‘rsatish talab etiladi.
[gallery-28472]
Shuningdek, deputatlarning o‘zi saylangan hududlarda aholi bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘yish, dolzarb masalalarni o‘z imkoniyat doirasida, qonuniy hal etishga kirishish va uning yechimi yuzasidan saylovchilariga hisobot berish lozimligi aytildi. Katta mablag‘ va hukumat doirasida hal etiladigan masalalarni viloyat Kengashi sessiyasiga hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik partiyasidagi fraksiyasi majlislarida ko‘rib chiqish uchun kiritish borasida so‘z yuritildi.
Yig‘ilish davomida partiyaning viloyatdagi faoliyatini yanada takomillashtirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning siyosiy faolligini oshirish va ularni ijtimoiy hayotga keng jalb etish bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.
Tegishli qarorlar qabul qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA