Partiyaning eng faol deputati aniqlandi
Andijonda “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining eng faol deputati” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi tomonidan partiya a’zosi bo‘lgan deputatlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish, tashabbuskor va faol deputatlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda uning tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 16 nafar deputat ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi jarayonlarda siyosiy partiyalar faol ishtirok etayotganligi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” da amalga oshirishga oid Davlat dasturida hamda partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari ish samaradorligini oshirish, deputatlar tomonidan joylardagi muammolarni bartaraf etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Ayni kunda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlarida O‘zXDP a’zosi bo‘lgan 122 nafar deputat faoliyat yuritmoqda, – deydi Andijon viloyati Kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Bahromjon Qurbonov. – Albatta, ularning aksariyati zimmalariga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda faol ish olib borayotgan deputatlar safi yanada kengaydi. Tanlovda ana shu faol deputatlarning eng faollari aniqlandi.
Ishtirokchilar aholi muammolarini hal etishning eng samarali yo‘li, siyosiy hozirjavoblik, erkin mavzu doirasidagi shartlar asosida g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Xalq deputatlari Andijon tumani kengashi deputati Sardorbek Qosimov tanlovning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Tanlovda g‘olib bo‘lish menga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi deputat S.Qosimov. – Qolaversa, yanada faol bo‘lishga, shijoat bilan mehnat qilishga undaydi. Endi tanlovning respublika bosqichida ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman.
Shuningdek, tanlovda “Eng shijoatli yosh deputat”, “Tashabbuskor deputat”, “Yilning eng yaxshi deputat ayoli” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA