Partiyaning 2021 yildagi ustuvor vazifalari belgilandi
Ta’kidlanganidek, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida EKOTEXNOPARK tashkil qilingani partiyaning 2020 yildagi faoliyatining amaliy natijasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasida yakunlangan yil sarhisobi hamda Prezidentimizning Murojaatnomasidan kelib chiqadigan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yilidagi partiya va uning fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi mas’ullari, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida partiya fraksiyasining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil va boshqa yo‘nalishdagi faoliyati sarhisobi, partiya fraksiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar, hududiy partiya tashkilotlarining faoliyati samaradorligini oshirish, jumladan, baholash reytingi tizimi va mezonlari, raqamli tizimga o‘tish afzalliklari borasida o‘zaro fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida EKOTEXNOPARK tashkil qilingani partiyaning 2020 yildagi faoliyatining amaliy natijasi bo‘ldi.
Joriy yilda EKOTEXNOPARK tarkibiga bir vaqtning o‘zida ekologiya sohasida kadrlarning malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish, uning natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilish va mahsulot olishga mo‘ljallangan ilmiy-tekshirish, loyiha konstruktorlik, texnologik tashkilotlar, tajriba ishlab chiqarish korxonalari kiradi hamda ushbu markaz nazariyadan amaliyotga tamoyili asosida faoliyat olib boradi. Mazkur EKOTEXNOPARKning 16 ta yo‘nalish bo‘yicha innovatsion nou-xau texnologiyalari asosida xorijiy investitsiya jalb qilishga qaratilgan 125 million dollarga teng loyihalar mavjud.
Shuningdek, tadbirda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida belgilab berilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda partiya dasturiy rejasiga kiritilishi ma’lum qilindi. Bu yo‘nalishda barcha hududlarda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, bog‘cha, maktab va oliygohlarda sifatli huquqiy ekologik ta’limni yo‘lga qo‘yilganligini nazoratga olish, kuchaytirish, ekologik madaniyatni yanada yuksaltirishda barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etish kerakligi ta’kidlandi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA