Partiya xodimlarining bilim va ko‘nikmalari oshirilmoqda
Saylov – 2024
Shu yil 27 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga saylovlar o‘tkaziladi. Mazkur saylovlarga siyosiy partiyalar tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hududiy Kengashlarida bo‘lajak muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘quvlar tashkil qilinmoqda.
Mazkur o‘quvlarda saylov jarayoni va unga tayyorgarlik ko‘rish, bu borada partiya xodimlarining zarur bilim va ko‘nikmalarini oshirish masalalari kun tartibidan o‘rin olgan. O‘quv ishtirokchilariga saylov qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar va aralash saylov tizimi, imzo yig‘ish jarayonida e’tibor berilishi kerak bo‘lgan vazifalar yuzasidan ma’lumotlar berilmoqda. Shu bilan birga, partiyaning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi ijrosi sarhisob qilinib, galdagi vazifalar muhokama qilinyapti.

– Partiyamiz muhim siyosiy jarayon oldida turgan ekan, avvalo, partiya tashkilotlari safidagi barcha xodimlarimizning siyosiy bilim va tajribalarini oshirish hal qiluvchi ahamiyatga ega, – deydi partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova. — Shu ma’noda ushbu siyosiy o‘quvlar partiyamiz vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish barobarida ularning bugun o‘rganganlarini ertaga saylovchilarga yetkazishida, bo‘lajak siyosiy tadbirning xalqaro talablar asosida o‘tishida, eng asosiysi, partiyamizning bosh maqsadiga erishishida muhim o‘rin tutadi. Saylovda eng yuqori natijaga erishishda faollarimiz tashabbuskorligini oshirishimiz, partiyamiz g‘oya va maqsadlarini yanada kengroq targ‘ib qilishimiz lozim.

Barcha hududdagi partiya tashkilotlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan bunday o‘quvlar qizg‘in davom etmoqda.
M.Komilova,
O‘zA