Partiya saylovoldi dasturi bo‘yicha eshituv o‘tkazildi
Markaziy saylov komissiyasining kecha o‘tkazilgan navbatdagi majlisida yurtimizdagi beshta siyosiy partiya, jumladan, O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasiga joriy yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etishiga ruxsat berildi.
Endilikda partiyalar oldida o‘z saylovoldi dasturlarini qabul qilishi, uni amalga oshirishga munosib deputatlikka nomzodlarni tanlashi lozim.
Ayni paytda “Adolat”sotsial-demokratik partiyasi ham saylovoldi dasturi loyihasini takomillashtirish uchun hududlarda partiya faollari ishtirokida ommaviy eshituvlar, uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Samarqand shahrida partiyaning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi loyihasi muhokamasi yuzasidan birinchi ommaviy eshituvda “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova ishtirok etdi.

Partiya yetakchisi yangi saylovoldi dasturi loyihasi xalqimiz orzu-istaklari, fikr-mulohazalaridan kelib chiqib, ko‘plab sohalarda rivojlanish istiqbollarini qamrab olish va xalqchil takliflarni ilgari surishda partiyaning kelgusi besh yillikdagi strategik hujjati bo‘lishi kutilayotganini e’tirof etdi. Qolaversa, ushbu muhokama jarayoni, tadbir ishtirokchilari tomonidan bildirilgan har bir taklif va tavsiya dasturni yanada mukammallashtirish hamda amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Muhammadjon Valiyev partiyaning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi loyihasidagi g‘oya va takliflari to‘g‘risida ma’ruza qildi.

– Dastur loyihasi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, partiya elektorati vakillarining ijtimoiy muhofazasi va xotin-qizlar mehnat huquqlarini himoya qilish, jamiyatdagi tenglikni ta’minlash hamda davlat boshqaruvining shaffofligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga olgan, – deydi M.Valiyev. – Loyiha bir yildan ortiq vaqt davomida ishlab chiqildi. Bunda partiya ustavi va shu paytga qadar qabul qilingan asosiy dasturlarining tanqidiy tahliliga, 150 dan ortiq xorijiy davlatdagi sotsial-demokratik yo‘nalishdagi siyosiy partiya va harakatlarning tajribasini o‘rganish, Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida partiya a’zolari hamda jamoatchilik tomonidan ta’lim sifatini yaxshilash, tibbiy sug‘urtalash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, tashkilot va korxonalarda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning ham bandligini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha taklif va tavsiyalar bildirildi. Saylovoldi dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolarning turmush tarzini yaxshilash bo‘yicha ilgari surilgan fikrlar ekspertlar tomonidan o‘rganiladigan bo‘ldi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri