Partiya faoliyati: tahlil va natija
O‘zbekiston “Adolat” SDP viloyat kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi.
Partiyaning Toshkent viloyati kengashi o‘tgan davr mobaynida o‘z faoliyatini 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq olib bordi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida mafkuraviy va dasturiy vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan 10 ga yaqin partiya loyihasini hayotga tatbiq etish choralari ko‘rildi.
Jumladan, xalq bilan yuzma-yuz muloqot o‘rnatish maqsadida partiyaning “Muammo bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasida barcha darajadagi deputatlik korpuslari va partiya faollari har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda mahallalarda xalq bilan yuzma-yuz muloqot o‘rnatdi.

Hisobot davrida ishchi guruhlar tomonidan viloyat bo‘yicha jami 220 ta mahallada uchrashuvlar o‘tkazilib, 2204 ta xonadonda suhbatlar tashkil etildi. Shuningdek, 627 ta ijtimoiy ob’ektda o‘rganishlar o‘tkazildi. Muloqotlar davomida fuqarolardan 334 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularni ijobiy hal etish maqsadida deputatlik so‘rovlari chiqarildi. Shundan 59 ta deputatlik so‘rovlarining ijrosi bajarildi.
“Bir oyda bir ish o‘rni” loyihasi doirasida o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan yoshlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlikni kamaytirish maqsadida 121 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. Shundan 49 nafarini yoshlar, 72 nafarini ayollar tashkil etadi.
O‘tgan yil davomida partiyaning ish rejasi va “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida ishlab chiqilgan media reja asosida ko‘zda tutilgan vazifalarni hayotga tatbiq etishga ko‘proq e’tibor qaratildi.
Eng muhimi, bugungi kun deputatlari muntazam ravishda aholi bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rganmoqda. Pandemiya sharoitida jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan muhim ishlar deputatlardan yanada faollik talab etmoqda.
N.Nasriyev, O‘zA