Parrandachilik: xazinaning siri nimada?
Ayni paytda viloyatda parrandachilik yoʻnalishida 85 ta fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatmoqda.
Ilk qadam quvonchlari
Fargʻona viloyatida parrandachilik yoʻnalishida tuxum yetishtirish, ozuqa bazasi, laboratoriya va inkubatoriyalar tashkil etish, tovuq boqish, soʻyish, boʻlaklarga ajratish sexlari, qadoqlash va eksportgacha boʻlgan barcha jarayonlarni umumlashtirgan klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, yangi loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish borasida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi innovatsion gʻoya va texnologiyalarni jalb etish maqsadida parrandachilik rivojlangan davlatlarning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilayotir.
Ayni paytda viloyatda parrandachilik yoʻnalishida 85 ta fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida mazkur yoʻnalishda 10 ta istiqbolli loyiha amalga oshirildi. Natijada parrandalar bosh soni 404 ming boshga koʻpaydi, 170 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
– Parrandachilik korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratilib, 2021-yilning 1-noyabriga qadar import qilinayotgan ozuqa komponentlari, asbob-uskuna va jihozlar bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan, – deydi Beshariq tumanidagi “Vodiy naslli parranda” xususiy korxonasi tasarrufida tashkil etilgan parrandachilik klasteri rahbari Bohirjon Turdaliyev. – Tarmoq faoliyati uchun muhim boʻlgan ozuqa bazasini yaratish maqsadida 500 gektar yer maydoni ajratib berildi. Bu importni kamaytirish va eksport hajmini oshirishda alohida ahamiyatga ega. Chunki ozuqa bazasi avvallari asosan sotib olingan boʻlsa, endilikda oʻzimiz yetishtirish imkoniyatiga ega boʻldik.
Istiqbolli loyihalar
Parrandachilik serdaromad soha. Yaratilgan imtiyoz va imkoniyat koʻlamlaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarishga yangi texnika texnologiyalarni joriy etish bugunning muhim vazifalaridan.
– Istiqboldagi rejaga koʻra, 2020-2021-yillarda 33 ta loyiha amaliyotga joriy etiladi. – deydi viloyat hududiy “Chorvanasl” markazi direktori Ilhomjon Isoqov. – Bu parrandalar bosh sonini 5 million 231 boshga yetkazish, 918 milliondan ortiq tuxum va 5 ming 230 tonna parranda goʻshti ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu maqsadlar uchun 110 milliard 989 million soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilangan. Shuningdek, naslchilik ishlarini yaxshilash maqsadida “Parrandasanoat” uyushmasiga aʼzo boʻlgan xoʻjaliklarga davlat tomonidan subsidiya ajratilayotgani ham tuxum va parhez goʻsht mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, sifatini yaxshilash imkonini beradi.
Sirasini aytganda, soha rivoji yoʻlida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar parrandachilik tizimini yana-da taraqqiy ettirish orqali kafolatli ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.