“Parij-2024”: orzular haqiqatga aylanadimi?
“Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarining ortda qolgan sakkizinchi kungi musobaqalari sarhisobiga ko‘ra, medallar jamg‘arish borasida umumjamoa hisobida Xitoy 16 ta oltin, 12 ta kumush va 9 ta bronza medali bilan peshqadamlik qilmoqda.
Ikkinchi o‘rinda borayotgan AQSH sportchilari 14 oltin, 24 ta kumush, 23 ta bronza medaliga ega bo‘lib turibdi. Kuchli uchlikka yakun yasagan Fransiya olimpiyachilari 12 ta oltin, 14 ta kumush, 15 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Mamlakatimiz olimpiyachilari 1 ta oltin va 2 ta bronza medaliga ega bo‘lgan holda 206 ta milliy jamoalar orasida 29-o‘rinda bormoqda.

Bugungacha 200 dan ziyod davlatning 60 tasi Olimpiya o‘yinlarida sovrindorlikka erishdi.
Voqealar rivojidan oldinga o‘tgan holda aytish lozimki, bokschilarimizning 5 nafari yarim final yo‘llanmalariga ega chiqqani, bu bilan beshta medalga egalik qilish imkoniyati yaratilganidan kelib chiqilsa, O‘zbekiston olimpiyachilarining umumjamoadagi joylashuvi yaqin 3-4 kun oralig‘ida yanada yuksalishi shubhasiz.

Bundan tashqari, sport kurashlari, taekvondo, og‘ir atletika kabi sport turlarida ham ko‘zlangan natijalar qayd etilsa, “Rio-2016” Olimpiya o‘yinlaridagi erishilgan ko‘rsatkich yangilanishi tayin.
Fransiya sport maydonlarida orzularni haqiqatga aylantirish yo‘lida fidolik ko‘rsatayotgan sportchilarimizga zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.
T.Ro‘ziyev, O‘zA