Paraosiyo o‘yinlarida navbatdagi medallar
“Aichi-Nagoya–2026” Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yengil atletika bahslarida ikki oltin, bir kumush va bir bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasida F46 klassi bo‘yicha yadro uloqtirish bahslarida Karomat Omonova 13,16 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi va Osiyo rekordini o‘rnatdi. Hamyurtimiz Shahinaxon Yigitaliyeva esa 11,72 metr natija bilan bronza medal sohibi bo‘ldi.
Uzunlikka sakrash bo‘yicha T12 klassi finalida ham O‘zbekiston vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Husniya Olimjonova 5,46 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, musobaqa rekordini yangiladi. Yoqutxon Xolbekova esa 5,44 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 41 ta oltin, 42 ta kumush va 43 ta bronza, jami 126 taga yetdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA