Paralimpiada: Orzular haqiqatga aylanarmikan?
Bir yil kechikib o‘tkazilayotgan XVI yozgi paralimpiya o‘yinlarining medallarga boy bo‘lgan “kemasining eshkaklari” ko‘tarilishiga ikki kun qolgan bo‘lsa-da, ertangi bahslar mamlakatimiz sportchilari uchun to‘rt yillikning so‘nggi paralimpiada musobaqalari bo‘lib tarixga muhrlanadi.
Ertaga vakillarimizning 6 nafari Tokio-2020 ning biz uchun eng qimmatli bo‘lgan medallari uchun bahslashadi.
Yengil atletikachilarimizdan Nurxon Qurbonova Toshkent vaqti bilan erta tong 5:30 da nayza uloqtirish bahslarining final bellashuvlarida dunyoning 8 nafar para atleti bilan medallar uchun kurash olib borsa, O‘zbekiston bayroqdori Muhammad Rixsimov kechki dasturda yadro uloqtirish musobaqasining finalida 9 nafar sportchi bilan medallar uchun bahslashadi.
Shuningdek, paralimpiadaning baydarka va kanoeda eshkak eshish poygasining yarim finalida Shahnoza Mirzayeva va Hayitmurod Sherqo‘ziyev 200 metrlik bahslarda o‘z yo‘nalishlarida qatnashadi. Shahnozaga 8 nafar para sportchi raqiblik qilsa, Xayitmurod 5 nafar para sportchi bilan final bahslarida qatnashish uchun eshkak eshadi.
O‘q otish sport turining 50 metrga pistoletdan nishonni aniq olish musobaqasida para sportchimiz Server Ibragimov dunyoning 30 nafardan oshiq merganlari bilan 16–paralimpiyaning medallari bahsida ishtirok etadi.
Para taekvondoning ayollar o‘rtasidagi musobaqasida 58 kilogramm vaznda hamyurtimiz Guljanoy Naimova 1/8 finalida eronlik Rayeyxi Shaxob bilan kuch sinashadi.
Ko‘rinib turibdiki, 4 sentyabr kungi paralimpiya o‘yinlari irodali sportchilarimiz uchun har tomonlama mas’uliyatli kun bo‘lib turibdi. Agarki, ertaga 6 nafar para sportchimizdan hech bo‘lmaganda 4 nafari paralimpiada “xaltasi”dagi medallarga, ayniqsa oltin tamg‘alisiga egalik qilishsa, bu o‘z-o‘zidan O‘zbekistonning umum davlatlar jadvalida kuchli o‘nlikka ko‘tarilishiga olib keladi. Bu esa, alaloqibat matonatli sportchilarimizning shahdu shijoati bilan Rio paralimpiadasidagi davlatlar joylashuvidagi o‘rnimiz Tokioda yanada mustahkamlandi, deganidir. Boisi, 2016 yilgi paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 15-o‘rinni egallagandi.
Albatta, bu niyat. Ammo niyatning qay tarzda amalga oshish yoki aks holatda bo‘lishi Tokio maydonlaridagi shiddatli bahslarda sportchilarimizga yo‘lchi yulduzdek hamroh bo‘ladigan omadga ham bog‘liq.
Bugungacha medallar jamg‘arish poygasida doimgidek xitoyliklar yetakchilik qilmoqda. Rossiya para atletlarini 4-o‘ringa tushirib yuborgan AQSH va Buyuk Britaniya vakillari keyingi pag‘onalardagi o‘rinlarini mustahkamlab oldi.
Vakillarimiz hozirda 7 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan 17-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, bizdan oldingi o‘rinlarda borayotgan Vengriya, Yaponiya, Ispaniya, Eron, Fransiya davlatlari 7 tadan 10 tagacha oltin medallarga ega. Demak, ertangi bahslarda irodali para atletlarimiz o‘z salohiyatini namoyish etgan holda 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritsa, O‘zbekiston para sportchilari kuchli o‘nlik shohsupasiga chiqishi shubhasiz. Muhimi, omad kulib boqsa bo‘lgani.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA