Para velosportchilarimiz jahon chempionatida yangi tarix yozdi
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Alabama shtati, Xantsvill shahrida shosse yo‘nalishida para velosport bo‘yicha navbatdagi chempionati o‘tkazildi. Musobaqa milliy terma jamoamiz uchun tarixiy natija bilan yakunlandi.
Dunyo birinchiligida 47 mamlakatdan 300 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin va 1 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi. Jumladan, T1 klassida ishtirok etgan Marjona Pardaboyeva vaqt uchun poyga va guruh poygasida barcha raqibalaridan ustun kelib, ikki bora jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Chempionatning H1 klassida bahs olib borgan Pokiza Ahmadbekova vaqt uchun poygada oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, guruh poygasida kumush medalga ega chiqdi.
Shu tariqa, milliy terma jamoamiz para velosport bo‘yicha jahon chempionatlaridagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. E’tiborlisi, vakillarimiz mazkur musobaqada ilk bor oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, milliy terma jamoamiz 2025-yil 28–31-avgust kunlari Belgiyaning Ronse shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida 4 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA