Para karatechilarimiz Osiyo chempionatida 4 ta medalli bo‘ldi
Indoneziyaning Bali shahrida para karate bo‘yicha o‘tkazilgan 5-Osiyo chempionatida O‘zbekiston sportchilari 4 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Qit’a chempionatida Osiyoning eng mahoratli para karatechilari bilan bahs olib borgan matonatli sportchilarimiz 1 ta oltin va 3 ta bronza medallariga ega chiqdi.

Shiddatli kechgan musobaqalarda terma jamoamiz a’zolaridan Saidikromxon Mahkamov K-22 toifasida Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi bir qator davlatlarning para karatechilarini mag‘lub etib, oltin medalga egalik qilgan bo‘lsa, Muhammadsodiq Ortiqjonov K-10 toifasida, Muhammadjon G‘oipnazarov K-21 toifasida hamda Sevinchbonu Ochilova K-22 yo‘nalishida bronza medali sohiblari bo‘ldi.

Bugun, 22-iyun kuni mazkur nufuzli musobaqada zafar quchgan karatechilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sport vazirligi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston karate WKF assotsiatsiyasi vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA