Ozodbek Nazarbekov xalqaro mukofotga munosib ko‘rildi
Mamlakatimiz Madaniyat vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya Respublikasining “Tiyatro Gazetesi” nashri tarixiy teatr maskanlari bilan ajralib turadigan Antaliyaning madaniyat va san’at sohasidagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shish va teatr san’ati fidoyilari faoliyatini xalqaro darajada e’tirof etish maqsadida o‘tgan yildan boshlab Xalqaro O‘rta yer dengizi teatr mukofotlari taqdirlash marosimini yo‘lga qo‘ygan edi.
Mazkur xalqaro tadbirda O‘rta yer dengizi mintaqasi va xorijiy davlatlardan tanlab olingan nomzodlarga mukofotlar tantanali ravishda topshiriladi. Quvonarli jihati shundaki, Tashkiliy qo‘mita qarori bilan bu yil O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha xalqaro mukofotga munosib ko‘rildi. Bu haqdagi xabar “Tiyatro Gazetesi”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilindi.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda teatr san’atiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va sohani qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar, xususan, xorijdan rejissyorlarning taklif etilayotgani, mamlakatning xalqaro festivallardagi faol ishtiroki katta qiziqish bilan kuzatib borilmoqda va bu jarayonlar e’tirofga loyiq.
O‘zbekiston Rahbariyatining, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining ijodiy faoliyatga berayotgan bunday ulkan ahamiyati hamda ko‘rsatayotgan ko‘magi teatr san’ati rivojida, uning ommalashishida juda muhim.
Shularni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni xalqaro mukofot bilan taqdirlashga qaror qilindi.
Tantanali taqdirlash marosimi 2026-yil 26-sentabr kuni Antaliyada bo‘lib o‘tadi.
N.Usmonova, O‘zA