“O‘zmilliybank” tadbirkorlarning asosiy ko‘makchisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xizmatlar sohasini muhim drayverga aylantirish va 2023 yilga qadar xizmatlar hajmini ikki barobarga oshirish, aholiga tayyor biznes rejalar va loyihalar taqdim etish, ularni kasbga o‘qitishdan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oluvchi “kompleks xizmatlar” ko‘rsatishni tashkil etish vazifalari qo‘yilgan.
Belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zmilliybank” AJ huzurida Xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha-tahliliy markaz tashkil etildi. Markaz xodimlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda xizmatlar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda aholini va ishsiz yoshlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha seminar treninglar olib bormoqda.
Ta’kidlash lozimki, xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishda boshqa tijorat banklari qatorida “O‘zmilliybank” AJ ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyatida 2021 yilda xizmatlar sohasi bo‘yicha moliyalashtirishda ishtirok etuvchi tijorat banklari dastlabki o‘rganish natijasida kredit miqdori 282 milliard 993 million so‘m bo‘lgan 172 ta loyihalar shakllantirildi. Shundan kredit miqdori 24 milliard 970 million so‘m, ish o‘rni 224 ta bo‘lgan 37 ta loyiha “O‘zmilliybankka” AJga tegishli.
Ushbu loyihalar asosan sartaroshxona, savdo do‘konlari, dorixonalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ta’lim markazlari, go‘zallik saloni, maishiy texnikalarni ta’mirlash, avtotransport vositalarini yuvish shoxobchasi, umumiy ovqatlanish xizmatlari, sport maydonchalari kabi 60 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha moliyalashtirilishi belgilangan.
Masalan, Qarshi tumani Omontepa MFY To‘raqul qishlog‘ida yashovchi tadbirkor Zuhra Meyliyeva 100 o‘rinli “Ixtirochi bolalar” nomli davlat xususiy sherikchilik asosidagi nodalat maktabgacha ta’lim muassasini tashkil qilib qishlog‘idagi maktabgacha yoshdagi bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbbiya olishiga hissa qo‘shmoqda. Bunda tadbirkorga tijorat banki asosiy ko‘makchi bo‘ldi.
– O‘zim uzoq yillardan buyon o‘qituvchilik qilaman, – deydi Z.Meyliyeva. – Shu bois bolalarga mehrim boshqacha. Anchadan buyon xususiy bog‘cha ochishni maqsad qilib yurardim. “O‘zmilliybank” AJ Qashqadaryo viloyati filiali ushbu maqsadimni ruyobga chiqarishimda asosiy ko‘makchi bo‘ldi. Loyihamizning umumiy qiymati 750 million so‘m bo‘lsa, shundan 350 million so‘mi bank kreditidir. Ushbu mablag‘ evaziga tez fursatlarda qurilishimizni tugatib, bog‘chani foydalanishga topshirdik. Natijada 9 ta yangi ish o‘rni yaratdik. Hozirda 60 nafarga yaqin bolajon tarbiyalanmoqda. Ularning sifatli ta’lim olishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratganmiz. Kelgusida “O‘zmilliybank” AJ Qashqadaryo viloyati filiali bilan hamkorligimizni davom ettirib, yanada ko‘proq loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.
Albatta, bugun ta’lim sohasiga va tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Ilgari kredit olish uchun oylab, yillab ovora bo‘lgan tadbirkorlarning oldiga bugun bank xodimlarining o‘zi kelib, ularning loyihalarini ro‘yobga chiqarmoqda.
[gallery-3458]
Masalan, Qarshi shahrida yashovchi Murodulla Halilov 18 yildan buyon abituriyentlarni aniq farlar yo‘nalishi bo‘yicha tayyorlab keladi. O‘tgan yillar davomida atrofiga bilimli o‘qituvchilarni, shogirtlarni to‘pladi. O‘z uyida o‘quv markaz tashkil qildi. Ammo uyda tayyorlanuvchilar uchun yetarlicha shart-sharoitlar qilishga erishaolmayotgan edi. Bugun tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar unga ham qo‘l keldi. Xususiy maktab ochishdik yirik loyihaga qo‘l o‘rdi. Mablag‘ esa kam. Boshida ikkilangan bo‘lsada, biznesreja tuzib, loyihasini “O‘zmilliybank” AJ Qashqadaryo viloyati filialiga olib bordi. Kutilmaganda uning mushkuli oson bitti. Bank moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘ldi. Natijada qisqa muddatda shaharning qoq markazida “AVITSENNA SCHOOL” nomli 300 o‘rinli zamonaviy xususiy maktab qad rostladi.
– Har yili yuzlab abituriyenlar tayyorlaymiz va ularning 85 foizi oliy ta’lim muassasalariga kirishga muvaffaq bo‘ladi, - deydi Murodulla Halilov. – Ammo uzoq yillik tajribadan kelib chiqib aytishim mumkinki, 11 yil davomida o‘rta maktabda sayoz ta’lim olgan o‘quvchini qayta tayyorlash va uni yuqori natijalarni qo‘lga kiritishi juda mashaqqatli. Ya’ni 11 yillik bilimlarni bir yil yoki 6 oy davomida qayta o‘qib, o‘rganib chiqishi zarur bo‘ladi. Shuning uchun o‘ylab-o‘ylab xususiy maktab ochib, 5-6-sinflardan boshlab o‘quvchi qabul qilsak va ularni o‘zimizda chuqurlashtirilgan holda o‘qitsak degan qarorga keldik. Ammo maktab qurish uchun anchagina mablag‘ kerak bo‘lar ekan. Shu bois bankdan yordam so‘radik. Ular ham qo‘llab-quvvatlashdi. Loyihamizning umumiy qiymati 1 milliard 400 million so‘m bo‘lsa, shundan 800 million so‘mi bank kreditidir. Loyihani amaliyotga tatbiq etish natijasida 20 ta yangi ish o‘rni yaratdik. Joriy o‘quv yilidan boshlab, o‘quvchi qabul qilishni boshladik.
Ta’kidlash lozimki, qarorga muvofiq “O‘zmilliybank” AJ Qashqadaryo viloyati filiali xizmat ko‘rsatish loyihalariga qo‘yidagi shartlarda mijozlarga kredit ajratilishi rejalashtirilgan:
Masalan, muddati - 60 oygacha (5 yilgacha), imtiyoz muddati - 1 yilgacha, foiz stavkasi – 14 foizlik (Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha, kredit olish paytida), kreditning maksimal miqdori - 2 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlar mijozlarga qulaylik sifatida taqdim etilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, “O‘zmilliybank” AJ va shahar hokimliklari tomonidan 2021 yil yakuniga qadar 28 ta yirik va o‘rta shaharlarda (Qashqadaryo viloyatida Qarshi va Shahrisabz) turizm, transport, tibbiyot, ta’lim obektlari va yirik savdo komplekslarini tashkil etish, yirik shaharlarda, viloyat va tuman markazlarida tashabbuskor tadbirkorlik subektlari bilan hamkorlikda savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etishni ta’minlash masalalarida amaliy ishlar olib borilmoqda.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
Reklama huquqi asosida