“O‘zmilliybank” bilan yangi imkoniyatlar sari
Mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonida yoshlar kamoloti va ularning ijtimoiy faolligini oshirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Biz yoshlarimizga nafaqat bilim berishimiz, balki ularning o‘z ishini boshlashi, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun barcha moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlarni yaratib berishimiz shart. Chunki tashabbuskor yoshlar — Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi va tayanchidir”. Ana shunday ezgu maqsadlarni hayotga tatbiq etish, yigit-qizlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish va ularning bandligini ta’minlash borasida “O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” ma’rifiy uchrashuvi ham ayni shunday amaliy harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu samimiy muloqotda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, yoshlarning startap g‘oyalari va biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Tadbirda e’tirof etilganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Kelajakka qadam” loyihasi bugun yoshlar uchun o‘ziga xos imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Mazkur tizim nafaqat g‘oyalarni saralaydi, balki ularni hayotga tatbiq etish uchun aniq moliyaviy resurslar va yo‘l xaritalarini taqdim etadi.
[gallery-28946]
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, tizimli islohotlar natijasida 2025-yilda oliy o‘quv yurtlarini bitirgan yigit-qizlarning 94 foizi mehnat bandligi ta’minlangani sohadagi ijobiy ko‘rsatkichlardan dalolat beradi. Uchrashuvda “O‘zmilliybank” AJ tomonidan taqdim etilayotgan “Biznes start”, “Biznes progress”, “Mening birinchi kasbim” va “Talaba invest” kabi maqsadli dasturlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, ilk bor o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish boshlayotgan yoshlarga ko‘rsatilayotgan moliyaviy ko‘mak va talabalarning amaliyot jarayonlarini moliyalashtirish tizimi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot davomida bo‘lajak filologlar va tilshunos yoshlar o‘zlarining nashriyot ishini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy o‘quv markazlari tashkil etish hamda kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan innovatsion loyihalari yuzasidan mutasaddilardan atroflicha javob oldi.
Talaba Gulsara Hasanova va Sardorbek Qurolovlarning ta’kidlashicha, bu kabi uchrashuvlar yoshlarda tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqni oshirish bilan birga, davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanish ko‘nikmasini shakllantiradi. Zero, Prezidentimiz aytganidek, “Biz yoshlarga sharoit yaratib bersak, ular albatta o‘z so‘zini aytadi”.
Tadbir yakunida faol va tashabbuskor yoshlarga tashkilotchilarning tashakkurnomalari topshirildi.
Nazokat USMONOVA, Asliddin ALIJONOV (suratlar), O‘zA muxbirlari