“O‘zmilliybank” AJ: Fuqarolar murojaatlari doimo e’tibor markazida
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev fuqarolarning murojaatlari, ularni ko‘rib chiqish, hal etish masalalariga doimo alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlaganlaridek, bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda, eng muhimi xalqimizning kundan kunga ijtimoiy-siyosiy faolligi, shu bilan birga ularning talab-ehtiyojlari ortib borayotgan hozirgi paytda rahbar kadrlarning mas’uliyati yuqori bo‘lishi lozimligi, ya’ni fuqarolarning murojaatlariga rahbarlarning dolzarb masala sifatida yondashishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan “Davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish” bo‘yicha qisqa muddatli sayyor o‘quv kurslari tashkil etildi. Mazkur o‘quv kursida “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi, uning tuman bank xizmatlari ofisi va markazlarining jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi rahbar va xodimlarining malakalari oshirildi.
Mashg‘ulotlarga Yuristlar malakasini oshirish markazining yetakchi professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda, Adliya vazirligi mas’ul xodimlari hamda amaliyotchi mutaxassislari ham jalb qilindi.

Ma’ruzalar davomida tinglovchilar murojaatlarni ko‘rib chiqish sohasidagi davlat siyosatining maqsad, vazifalari, murojaatlar bilan ish olib borishning tashkiliy-huquqiy masalalari, murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, ko‘rib chiqish va murojaatlar bilan ish yuritishni tashkil etish hamda boshqa mavzular bo‘yicha malakalarini oshirdilar.
Ma’lumot uchun, “O‘zmilliybank” AJga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tahlil etadigan bo‘lsak, 2024-yilning 1-mart holatiga “O‘zmilliybank” AJga jami 519 ta murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 417 tasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, 11 tasi “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali, 17 tasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ishonch telefoni, 1 tasi Kasaba uyushmasi federatsiyasi, 16 tasi Eksportni rag‘batlantirish agentligi, 57 tasi O‘zmilliybankka to‘g‘ridan to‘g‘ri va boshqa vazirlik hamda idoralar orqali kelib tushgan murojaatlardir.
Murojaat shakli bo‘yicha:
• 42 ta yozma;
• 462 ta elektron;
• 15 ta og‘zaki murojaatlar.
Murojaat etuvchilar toifasi bo‘yicha:
• 434 ta jismoniy;
• 85 ta yuridik shaxslarni tashkil etadi.
Murojaatlarni o‘rganish natijalari bo‘yicha tahlil qilsak, ularning 80 tasi ijobiy hal qilingan bo‘lsa, 300 tasiga huquqiy ma’lumot va tushuntirish berilgan, 63 tasi tugatilgan (O‘RQ-445-son, 29-30-moddalari),
9 tasi rad etilgan murojaatlardan iborat (O‘RQ-445-son, 29-moddasi).
Samarqand viloyati bo‘yicha to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning 1-martiga qadar jismoniy va yuridik shaxslardan 46 ta murojaat kelib tushgan va bu respublika bo‘yicha qilingan murojaatlarning 8,9%ini tashkil etadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-oktyabrdagi 582-sonli qaroriga asosan davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari har uch yilda o‘z malakasini oshirishi zarurligi belgilangan, -deydi “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi bank tarmoqlari va servisni rivojlantirish bo‘yicha katta menedjeri Sherzod Mirzaxmedov.
- Shu bois tashkil etilgan qisqa muddatli sayyor kurslarda ishtirok etdik va mazkur bilimlarni mustahkamlash maqsadida “Murojatlarni ko‘rib chiqish sohasidagi davlat siyosatining maqsad va vazifalari” mavzusida seminar-trening tashkil etdik. Seminarda murojaatlarning mazmunan ko‘rib chiqilishini tashkil etish yo‘llari, aholining muammolarini tinglash va uzil-kesil hal etish maqsadida, grafikka asosan qabullar tashkil qilish hamda iqtisodiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Seminar yakunida fuqaro murojaatlarini ijobiy hal etishda tashabbuskor hamda faol bo‘lgan bank xodimlari taqdirlandi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati