O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi
Muzeylar ajdodlardan meros bo‘lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazina hisoblanadi.
130 yildan ziyod tarixga ega O‘zbekiston muzeylari yoshlar uchun chinakam darsxona.

—O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi, — deydi poytaxtimizdagi 295-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Surayyo Imomova. — Yevropada maktabgacha yoshdagi bolalarning ayrim mashg‘ulotlari muzeylarda o‘tkaziladi. Mamlakatimizda ham maktab o‘quvchilari uchun o‘quv rejada muzey va madaniy meros ob’ektlarida amaliy mashg‘ulot o‘tish belgilangan. Chunki tarixiy obidalar va eksponatlar o‘quvchilarda tarixga bo‘lgan tasavvurni boyitadi.

Dasturga muvofiq, vaqti-vaqti bilan o‘quvchilarni poytaxtimizda joylashgan muzeylarga sayohatga olib boramiz. Muzeylarning boy ekspozitsiyasi bolalarda chuqur taassurot uyg‘otadi. Mamlakatimizda noyob san’at asarlari, shuningdek, me’morchilik mo‘’jizalari bo‘lgan muzey eksponatlarining nihoyatda keng assortimenti mavjud.

Joriy yil yakunlanishi arafasida o‘quvchilarni Amir Temur muzeyiga olib keldik. Amir Temur shaxsiyati, uning faoliyati, Temuriylar davri va o‘sha zamon madaniy merosini keng ommaga yetkazish maqsadida tashkil etilgan mazkur muzeyning binosi ham o‘zining maxsus uslubi bilan ajralib turadi. Amir Temur davriga oid qurollar, temir zirhlar, tangalarni tomosha qilayotgan bolalarning hayrati cheksiz. Yoshlar muzeylar haqida dastlabki tushunchalarga ega bo‘lishi lozim. Nafaqat maktablarda, balki oilada ham har bir ota-ona o‘z farzandiga yurt o‘tmishi, buyuk ajdodlarimiz, ularning ibratli hayotlari haqida ma’lumotlarni berib borishi kerak.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA