O‘zLiDeP: Chimboy tumanida ehtiyojmand aholi qo‘llab-quvvatlanmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida partiya tuman Kengashi tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari hamda hamkor muassasalar bilan birgalikda turli xayriya aksiyalari tashkil etilib, ehtiyojmand fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Navbatdagi xayrli tadbir davomida partiya faollari ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan bir qator fuqarolar xonadonida bo‘lib, ularning turmush sharoiti va holidan xabar oldi.

Uchrashuvlar chog‘ida ehtiyojmandlarga zamonaviy nogironlik aravachalari topshirilib, ularning kundalik hayotini yengillashtirishga xizmat qiladigan amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, umummilliy dasturi doirasida tumandagi xususiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda xayriya aksiyasi tashkil etildi. Unda ko‘plab fuqarolar uchun bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazilib, mutaxassislar tomonidan zarur tavsiya va maslahat berildi.

Mazkur xayrli tashabbuslar O‘zLiDePning aholi manfaatlarini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oyalarining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Partiyaning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlari kelgusida ham izchil davom ettirilib, jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri