O‘zLiDeP: buxorolik talaba-yoshlar bilan uchrashuv
Buxoro davlat universitetida O‘zLiDeP rahbariyati hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarning ushbu oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari va talaba- yoshlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar deputatlikka nomzodlar O‘zLiDeP bu yilgi saylovlarga “Va’da emas natija, ertaga emas bugun” ezgu shiori ostida “5 maqsad – 500 vazifani” o‘z ichiga olgan Saylovoldi dasturi bilan qizg‘in tayyorgarlik olib borayotganini ta’kidladi.
E’tiborlisi, yoshlarni hunar va zamonaviy kasblarga, xorijiy tillarga o‘qitish, ma’naviyatni, ma’rifatni yuksaltirish, kitobxonlikni oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda “IT” sohasi va sportga keng jalb etish borasida puxta ishlangan rejalarini amalga oshirish, ishbilarmonlikni faol qo‘llab-quvvatlash, xususan, ishsiz yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish singari dolzarb masalalar O‘zLiDeP Saylovoldi dasturining asosini tashkil etadi.
[gallery-19531]
Yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash amaliyotining aynan korxonalar buyurtmasi asosida joriy etilishi ham Saylovoldi dasturda o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, mamlakatimizning har bir viloyatida kamida 100 gektar maydonda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni tashkil etish ham partiya zimmasidagi muhim vazifa bo‘lib hisoblanadi. Bundan tashqari yosh avlodni tadbirkorlikka jalb qilish uchun joylardagi mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish va tegishli asbob-uskunalardan keng foydalanish uchun zarur imkoniyatlarni yaratishga ham partiya o‘z diqqat e’tiborini qaratgan.
Nomzodlar shular haqida so‘z yuritar ekanlar, buxorolik yoshlar ham bu imkoniyatlardan kelgusida unumli foydalanishlari mumkinligini, O‘zLiDePning Saylovoldi dasturida aks ettirilgan ustuvor vazifalar ijrosi mustaqil hayot ostonasida turgan yigit-qizlar uchun ham haqiqiy dasturilamal bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
– Partiya saylovoldi dasturida oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish, ilm-fanga yo‘naltirilgan mablag‘larni yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2030 yilgacha 10 barobar oshirishga erishish haqidagi loyihalarning ishlab chiqilishi ayni muddao bo‘ldi, – deydi BuxDU prorektori Rustam Jumayev. – Chindan ham, ilmga qaratilgan e’tibor yurt taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shu jihatdan partiyaning O‘zbekiston kelajagini o‘ylab qabul qilgan bu dasturi minglab ilm va ma’rifat ahli mehnatini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda so‘z olgan partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov uchrashuv ishtirokchilarini saylovlar kunida O‘zLiDeP va uning nomzodlari uchun yakdillik bilan ovoz berishga chaqirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.