Oziq-ovqat sanoati barqaror rivojlanish yo‘lida
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Davlatimiz tomonidan tarmoqni modernizatsiya qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha izchil choralar amalga oshirilmoqda. Bu esa milliy iqtisodiyotimiz barqarorligi hamda aholi farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
– 2017-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish dinamikasi tahlili tarmoqning barqaror o‘sishini ko‘rsatmoqda. Mazkur davrda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 48,1 foizga oshgan, – deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi Latofat Bo‘riyeva. – Tarmoq rivojida investitsiyalarning roli muhim ahamiyatga ega. Agar 2017 yilda sohaga 231 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 674 mln. AQSH dollariga yetgan. Oziq-ovqat sanoati milliy iqtisodiyotga sezilarli hissa qo‘shmoqda. 2017-2024 yillar davomida tarmoqda bandlik darajasi 107,2 foizga, korxonalar soni 110 foizga, eksport hajmi esa 3,8 barobarga oshgan. Xususan, shu davrda kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish 53 foizga, margarin – 32 foizga, bug‘doy uni – 27 foizga, sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish esa 16 foizga o‘sgan. Faqat 2024 yilning o‘zida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning fizik hajmi 5,6 foizga o‘sgan. Shu bilan birga, alohida ta’kidlash lozimki, tarmoqda investitsiyalardan samarali foydalanish va kapital qaytimini oshirish imkoniyatlari mavjud. Bu vazifani zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, milliy oziq-ovqat brendlarini jahon bozoriga chiqarish orqali amalga oshirish mumkin.
Yuqoridagi ko‘rsatkichlardan ma’lum bo‘ladiki, O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati barqaror o‘sish trayektoriyasida harakat qilmoqda. Tarmoqqa yo‘naltirilayotgan investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va sifat standartlariga rioya qilish orqali ishlab chiqarish hajmi, bandlik darajasi va eksport salohiyati tobora oshmoqda. Yangi brendlar yaratish, xalqaro bozorda milliy mahsulotlarni targ‘ib qilish esa mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA