Oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshdimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi borasidagi xabarlarni o‘qib, ikkilanib qolasan kishi.
Narx-navo bilan bog‘liq mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida poytaxtimizdagi dehqon bozorlariga borib, sotuvchi-yu xaridorlar bilan suhbatlashdik. O‘zbegimning qozonini qaynatadigan oziq-ovqat mahsulotlari narx-navolarini o‘rgandik.
Dastlab Bektemir tumanida joylashgan Qo‘yliq dehqon bozori hududini aylandik. Bu bozorga ko‘proq vodiylik hamda Toshkent viloyatidagi tumanlarning dehqonlari oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelishadi. Bozor har galgidek odamlar bilan gavjum. Kartoshka-piyozlar, olmayu bananlar sotiladigan rastalar bo‘ylab aylanar ekanmiz, kuzatuvlarimizni boshladik.
Kartoshkaning gala, pikasso, zara navlari 5 mingdan 5 ming 500gacha, qizil hamda sariq sabzilar 2 ming, piyoz katta-kichikligiga qarab 2 mingdan 2 ming 500 so‘mgacha, Oltiariqning sersuv turplari 3 mingdan, To‘ytepadan keltirilgan sholg‘omlar esa 4 ming, karamning 1 kilogramm narxi 3 ming, qoqovning yaponcha, miskat navli turlarining 1 kilogrami 3 ming, bolajonlar mazza qilib iste’mol qiladigan banan esa 19 ming so‘mdan sotilyapti.

Dasturxonga o‘zgacha fayz beradigan “Besh yulduz” navli olmalar ko‘rinishiga qarab 4 ming so‘mdan 7 ming so‘mgacha, vodiydan keltirilgan xurmolar 5 ming, “Husayni” uzum navi esa 7, anorning narxi 13 ming, noklar ham ko‘rinishiga qarab 12 mingdan 20 ming so‘mgacha sotilyapti. Pomidorning “Yusupov” navlisi 6 mingdan 10 ming so‘mgacha, bodring ham shu narxda.
– Kuz fasli boshlanganidan buyon bir kun ham qoldirmasdan bozorga chiqyapman, – deydi sotuvchi Saodat Usmonova. – Narxlar oshganini sezganim yo‘q. Aksincha, sabzining narxi kundan-kunga tushib ketyapti. Ulgurji bozordan 1 ming 500 so‘mdan olib, 1 ming 800 – 2 ming so‘mgacha sotyapmiz.
– Ammo yog‘ning narxi hech tushmayapdi, shuni nazorat qilishni iloji bormikan, deya suhbatimizga qo‘shildi o‘zini Karomat deya tanishtirgan xaridor ayol.

Xaridorning e’tirozlarini o‘rganish maqsadida yog‘ rastalari tomon o‘tdik. Yog‘ rastasida 1 litr pista yog‘i 18-20 ming, 1 litr paxta yog‘i 20 ming so‘m. Arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasida 1 litr pista yog‘i 16 ming,1 litr paxta yog‘i 13 ming 600 so‘mdan sotilmoqda.
– O‘tkan yili kuchaytirilgan karantin paytida yog‘ning narxi birdan ko‘tarilib ketdi, – deydi “Qo‘yliq dehqon bozori” AJ direktori birinchi o‘rinbosari Dilmurod Jo‘rayev.
– Buning sababiga to‘xtaladigan bo‘lsak, pandemiya sabab Rossiyada pista ekish deyarli kamaydi. Shu bois Rossiya hukumati o‘zining xalqiga yog‘ yetkazib berishni o‘ylab, eksportni bir muddat to‘xtatib qo‘ydi. Natijada yog‘ narxi ko‘tarildi. Yodingizda bo‘lsa 1 litr pista yog‘i 22 ming so‘mga chiqqandi. Hukumatimiz chetdan keltiriladigan oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan qo‘shimcha to‘lovlarni olib tashlagach narx-navolar biroz tushdi. Nasib bo‘lsa keyingi yildan yog‘ning narxi ancha tushadi, deb o‘ylayman.

Aholining ehtiyojini ta’minlash maqsadida bozorimizga un, yog‘, shakar mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berilyapti. Bo‘ka tumani dehqonlari bilan 120 tonna kartoshkaga shartnoma tuzganmiz. Arzonlashtirilgan savdo rastalarida kartoshkalar 3 ming 500 so‘mdan sotilyapti. Zaxira omborimizda pista yog‘i, un, shakar kabi masulotlar zaxira sifatida saqlanmoqda. Ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlardagi mish-mishlar sabab bo‘ladi-yu odamlar vahimaga tushadi. Natijada qaysidir mahsulotga talab kuchayadi va narxlar sun’iy ravishda osha boshlaydi.
Qo‘yliq dehqon bozoridan so‘ng Shayxontoxur tumaniga qarashli “Eski jo‘va” (Chorsu) bozori tomon yo‘l oldik. Bozor xududiga kiraverishdagi rastalarda o‘tirgan sotuvchilardan o‘zimizni qiziqtirgan mahsulotlarning narxini surishtirdik. Kartoshka va sholg‘om 5 ming so‘mdan, turp 4 ming , sabzi 3 ming, olma 6 ming so‘mdan sotilyapti. Arzonlashtirilgan savdo yarmarkasida 1 kilogramm kartoshka 3 ming 500, sabzi 2 ming 800, piyoz 1 ming 800 so‘mdan sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Ushbu rastalarda sotilayotgan mahsulotlarning narxi nima uchun arzonligi bilan qiziqqanimizda mutaxassis Hayot Murodov bu rastalardagi fermerlar mahsulotini sotgani uchun bozor ma’muriyatiga ijara haqqi yoki patta puli to‘lamasliklarini, shu bois ham narxlar doimo bir xilda turishini bildirdi.

“Eski jo‘va dehqon bozori” AJ direktori Shuhrat Fayzullayev hozirgi kunda bozor omborida 24 ming tonna yog‘, 10 tonna shakar, 150 tonna kartoshka zaxirada saqlanayotganini, olib-sotarlar narxlarni oshirib yubormasliklari uchun arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarini har kuni yangi-yangi mahsulotlar bilan to‘ldirib qo‘yishganini bildirdi.
– Har gal nafaqamni olgan kunim Chorsu bozoriga tushib, arzonlashtirilgan rastalardan 20 kilogramm kartoshka sotib olaman, – deydi Xaydarali Usmonov. – Oilamiz katta, nevaralarim ko‘p. Kartoshkani juda ko‘p iste’mol qilamiz. Bozordagi sarxil sabzavotlarni ko‘rib, qishga ham g‘amlab qo‘yish kerak, deb o‘ylab turibman.
Biz nisbatan arzon hisoblangan Qo‘yliq hamda Eski Jo‘va dehqon bozoridagi narxlar bilan tanishdik. Balki bu yerdagi narxlar boshqa xududdagi bozorlardan farq qilar. Bu tabiiy. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxini keltirish bilan bir narsaga – oldinda bizni qish kutayotganiga e’tibor qaratmoqchimiz. Unga hozir, pishiqchilik paytida tayyorgarlik ko‘rib qo‘ysak, ertaga o‘zimizga oson bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA