Oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlandi
Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida “Oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligini ta’minlashda innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida “Oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligini ta’minlashda innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Samarqand davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda BMT Taraqqiyot dasturi, YuNESKO, Islom taraqqiyot banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, dunyoning yigirmadan ortiq davlatidagi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, mutaxassislar ishtirok etdi.
Anjumanda joriy yilning iyun oyida poytaxtimizda o‘tkazilgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Prezidentimiz tomonidan bildirilgan fikrlar, mamlakatimizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Mazkur yo‘nalishdagi O‘zbekiston tajribasi xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.
Konferensiya sho‘ba majlislarida bugungi kunda dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soluvchi va cho‘llanish muammolarining oldini olishga qaratilgan tabiiy, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy fanlar sohasidagi innovatsion texnologiyalardan foydalanishning dolzarb masalalari, qurg‘oqchil hudud ekotizimlari, tabiat resurslarini boshqarish, cho‘llanish va sho‘rlanish jarayonlarini bartaraf qilish uchun yer va suvdan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohasidagi fundamental va amaliy loyihalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘zaro fikr va tajriba almashildi.
– Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bugungi kunda global ahamiyatga ega bo‘lib, xalqaro tashkilotlar faoliyati va davlatlararo munosabatlarning asosiy yo‘nalishiga aylandi, – deydi AQShning Nevada universiteti professori Robert Novak. – Shunday sharoitda oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etishning ahamiyati katta. Samarqandda tashkil etilgan mazkur konferensiya shu jihati bilan e’tiborli bo‘ldi va dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan olim va mutaxassislar bilan bu borada o‘zaro tajriba almashib, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga kelishib oldik.
Anjuman ishtirokchilari Samarqand viloyatidagi korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdi. Ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishning holatini o‘rgandi.