“O‘zimni hech kimdan kam hisoblamayman”
Ijtimoiy himoya
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi Mansur aka Azamov uzoq yillar davomida qurilish sohasida ishlagan. 2010 yilda olgan jarohati natijasida bir oyog‘idan ayrildi. Tushkunlikka tushib qolgan Mansur akaga 4 farzandi, oilasi, qolaversa, Mirzoqul mahallasi vakillari ko‘makchi bo‘lib, uning oyoqqa turishi uchun dalda berdi.

Doimiy ravishda protezga muhtoj Mansur akaga yaqinda “Inson” ijtimoiy markazi tomonidan yangi va zamonaviy protez berildi.
–Bu protez juda qulay, yengil, – deydi Mansur aka. –Xuddi o‘z oyog‘imdek. Protez olganimdan keyin harakatlanishim, ishga borib-kelishim ancha oson bo‘ldi. Hozir bemalol yuribman, yerda ham ishlayman, daraxtlarga qarayman, avtomashina, velosiped haydayman. O‘zimni hech kimdan kam hisoblamayman.
Mansur akaning mehnatkashligiga havas qilmay iloj yoq. Ayni damda tumandagi 9- Musiqa va san’at maktabida usta-santexnik vazifasida ishlab kelayotgan qahramonimiz ustaxonasida cholg‘ularni sozlash, chilangarlik, duradgorlik bilan ham shug‘ullanadi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri