O‘ziga xos ijod yo‘li va uslubiga ega san’atkor
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Qahramoni, xalq artisti Zikir Muhammadjonov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab ma’rifiy kecha tashkil etildi.
«Muruvvat» ijodiy guruhi tomonidan tashkil etilgan xotira tadbirida masofaviy hamda jonli tarzda ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
Teatrshunos mutaxassislarning fikricha, 1921 yil 1 yanvarda dunyoga kelgan bu iste’dod egasi tez orada teatr va kino aktyori sifatida el e’tirofiga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston xalq artisti, «Do‘stlik», «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlariga munosib topildi. Ustoz san’atkor chet el kinostudiyalari bilan hamkorlikdagi filmlarda ham suratga tushib, o‘zbek teatri va kinosini dunyoga tanitdi. Uning uzoq yillik samarali xizmatlarini e’tirof etilib, eng oliy mukofot — O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlandi.
Zikir Muhammadjonov keng qamrovli aktyor edi. Ustoz san’atkor teatrda, kino va televideniyeda ko‘plab ta’sirchan, samimiy, yorqin rollarni yaratdi. «Makr va muhabbat» spektaklida Ferdinand roli, «Jaloliddin Manguberdi»da Jaloliddin, «Shohi so‘zana»da Dehqonboy, «Mirzo Ulug‘bek» spektaklida Abdulatif,«Alisher Navoiy»da Navoiy kabi rollarida Zikir Muhammadjonovning o‘ziga xos ijod yo‘li, uslubi, ijodiy salohiyati namoyon bo‘lgan edi.
Ustoz san’atkorning betakror ovozi, ijro mahorati, sahna madaniyati, fidoyiligi, odamiyligi, metin intizomi, ijodga halol munosabati yoshlar uchun chinakamiga ibrat maktabidir. Xotira kechasida Zikir Muhammadjonovning hayot yo‘li, ibratli faoliyati, milliy teatr, kino san’atiga qo‘shgan hissasi xususida batafsil so‘z yuritildi.
O‘zA