O‘zboshimchalik bilan egallangan yerni bir martalik xatlovdan o‘tkazishda to‘lov undiriladimi?
Huquqiy munosabat
Yangi qonunchilikka ko‘ra, yerga oid huquqlarni e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov undiriladi. To‘lov miqdori yer qayerda joylashganiga qarab farq qiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagicha tushuncha berdi:
–Bu holatda to‘lov miqdori Toshkent shahrida bo‘lsa - BHMning besh baravari, Nukus shahri va viloyat markazlarida BHMning uch baravari, viloyat bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda — BHMning ikki baravari hamda tuman markazlari va qishloqlarda — BHMning bir baravari miqdorida undiriladi.
Ma’lumot uchun: BHM bir baravari hozirda 412 ming so‘mni tashkil etadi. Bu to‘lov yerga egalik huquqi berilishi uchun to‘lanadigan davlat boji hisoblanadi. To‘lovni amalga oshirish uchun qaror chiqqandan so‘ng 3 oy muddat beriladi.
Quyidagilar bir martalik to‘lovni to‘lashdan ozod etiladi. Jumladan, bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yig‘imni to‘liq to‘lagan shaxslar, I va II guruh nogironligi bo‘lgạn shaxslar.
"Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik to‘lov ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan to‘lovning 50 foizi miqdorida undiriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA