“O‘zbekkonsert" faoliyati tahlil etildi
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasida Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muassasa va uning hududiy bo‘limlari faoliyatining yarim yillik yakunlari chuqur tanqidiy tahlil qilindi.
B.Ahmedov ayni paytda muassasa oldida turgan muhim vazifalar ijrosi yuzasidan hududiy bo‘limlarning sustkashliklarga yo‘l qo‘yayotganligini ta’kidlab, o‘z vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan xodimlar bilan bog‘liq masalalarga aniq yechim topish haqida muassasa rahbariyatiga zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida mustaqilligimizning 30 yilligiga tayyorgarlik jarayonlari, litsenziya berish masalasi, doimiy ravishda ustoz-shogird an’analari asosida mahorat saboqlarini tashkil etib borish, yangi ijod namunalarini yaratish borasida shoir — bastakor —xonanda ijodiy uchligining hamkorligini ta’minlash, yosh ijodkorlar bilan ishlash kabi masalalar yuzasidan hududiy bo‘limlar hisobotlari ko‘rib chiqilib, jiddiy tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida ish faoliyati mutlaqo qoniqarsiz, deb topilgan rahbar-xodimlarga tegishli choralar ko‘rilib, yig‘ilish ishtirokchilariga kelgusidagi muhim vazifalar belgilab berildi. Bu haqda mazkur tuzilma axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA