O‘zbekistonning MDHdagi raisligi – Hamdo‘stlik makonida strategik sheriklik va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi
Global geosiyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar keskin tus olayotgan, an’anaviy ta’minot zanjirlari izdan chiqib, xalqaro maydonda ishonch inqirozi chuqurlashib borayotgan hozirgi murakkab sharoitda ko‘p tomonlama sheriklik mexanizmlarining barqarorligi va samaradorligi har qachongidan ham muhimroq ahamiyat kasb etmoqda.
Biroq, dunyoda yuz berayotgan shiddatli o‘zgarishlarga qaramay, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi makoni o‘zaro manfaatli muloqot, yaxshi qo‘shnichilik va amaliy integratsiyaning ishonchli maydoni sifatida o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda. Bugungi kunda ushbu tuzilma doirasida shakllangan munosabatlar faqat an’anaviy aloqalarni saqlab qolish bilan chegaralanmasdan, zamonaviy iqtisodiy voqelik va global chaqiriqlarga moslashgan holda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Mamlakatimizning yaqin istiqbolda MDHga raislik qilishi Hamdo‘stlik doirasidagi umumiy sa’y-harakatlarga yangi nafas bag‘ishlashi bilan tarixiy ahamiyatga egadir. “MDH – ishonch va umumiy taraqqiyot makoni” degan chuqur ma’noli shior ostida shakllantirilayotgan Raislik konsepsiyasi va yuzdan ortiq amaliy tadbirlarni o‘z ichiga olgan Tadbirlar rejasi rasmiy byurokratizmdan xoli bo‘lib, aynan real natijalarga yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadi.

Bugungi kunda dunyo siyosatida har qanday ziddiyatli vaziyatlarni sovuqqonlik bilan muhokama qilish, bir-birini tinglay bilish hamda murosali yechimlarni izlab topish qobiliyati hal qiluvchi o‘rin tutadi. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan ustuvor yo‘nalishlar, xususan, iqtisodiy kooperatsiya, yuqori texnologiyalar, transport-logistika tarmoqlari, xavfsizlikni ta’minlash hamda inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalar Hamdo‘stlikka a’zo barcha mamlakatlarning tub manfaatlariga to‘la javob beradi.
Shu bilan birga, iqtisodiy hamkorlikning mustahkam poydevorini yaratishda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va o‘zaro tovar ayirboshlash yo‘lidagi sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish birinchi galdagi vazifa sanaladi. Mamlakatlarimiz ulkan xomashyo resurslari, ishlab chiqarish quvvatlari va keng bozor salohiyatiga ega. Agar ana shu imkoniyatlar yagona ishlab chiqarish zanjirlari va qo‘shma korxonalar orqali birlashtirilsa, erishiladigan natijalar yaqqol seziladi.
Bu borada an’anaviy tarmoqlar bilan birgalikda eng istiqbolli va raqobatbardosh sohalar – muhim minerallar, sun’iy intellekt, robotlashtirish, yangi materiallar va zamonaviy energetika texnologiyalarini o‘zlashtirish hayotiy zaruratdir. Raqamli texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga va elektron tijoratga keng joriy etish orqaligina global raqobatda orqada qolib ketmaslikni ta’minlash mumkin.
Markaziy Osiyo mintaqasi bugungi kunda Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi global quruqlikdagi eng muhim tranzit tuguniga aylanib bormoqda. Bunday ulkan strategik salohiyatdan samarali foydalanish uchun tranzit tartib-taomillarini tubdan soddalashtirish, xavfsiz va maqbul logistika yo‘laklarini shakllantirish lozim. MDH makonida transport tarmoqlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda ishlashi nafaqat iqtisodiy manfaatlarni, balki umumiy barqarorlikni ham ta’minlaydi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlik uchun mustahkam xavfsizlik muhiti zarur. Terrorizm, ekstremizm va zamonaviy kiberjinoyatchilik kabi global tahdidlar allaqachon alohida davlatlar chegarasidan chiqib ketib, banklar, davlat tizimlari va oddiy fuqarolarning kundalik hayotiga xavf solmoqda. Shu bois, MDHning sohaviy organlari salohiyatini oshirish, umumiy tahdidlarga qarshi kurashishda tezkor va tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas vazifasi hisoblanadi.
Qolaversa, hamdo‘stlikning eng katta boyligi va kelajagini belgilovchi omil bu – inson kapitalidir. O‘zaro do‘stlik rishtalari, asrlar davomida shakllangan madaniy-gumanitar aloqalar munosabatlarimizning asosidir. Kelajak avlod – yoshlar, talabalar, olimlar va mutaxassislarning erkin muloqot qilishi, birgalikda ilmiy izlanishlar olib borishi uchun qulay sharoitlar yaratish zarur. Buning uchun davlatlararo faoliyatning markazida inson qadr-qimmati, uning manfaatlari va huquqlarini ta’minlash turmog‘i lozim.
MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik va O‘zbekistonning bo‘lajak raisligi Hamdo‘stlik mamlakatlari taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlabgina qolmay, zamonaviy xalqaro siyosatda konstruktiv muloqot hamda o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu borada qabul qilinadigan har bir amaliy qaror va qo‘shma tashabbus xalqlarimizning farovon hayoti hamda barqaror kelajagini ta’minlashda muhim poydevor bo‘ladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat,
sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA