O‘zbekistonlik karatechi Tbilisida sovrindor bo‘ldi
Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida o‘tkazilgan “Karate One” tizimidagi “A” toifali xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Dunyoning 77 ta mamlakatidan 1200 nafardan ziyod eng mahoratli karatechilar ishtirok etgan bahslarda hamyurtimiz Abdulvahob Rashidov -67 kilogramm vaznning kumite yo‘nalishidagi saralash bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Finalda iste’dodli karatechimiz makedoniyalik Matey Belistoyanoskiga ro‘baro‘ keldi.
Qiziqarli kechgan jangda murosa yo‘li tanlandi. Har ikki sportchi 7 balldan jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, dastlabki ochkoni qo‘lga kiritgan makedoniyalik karatechiga g‘oliblik taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, “Karate One” tizimidagi “A” toifadagi turnirlar to‘rtta bosqichdan iborat bo‘lib, uning keyingi bosqichlari Ispaniya (24-26 aprel), Meksika (16-20 iyul) va Avstriya (2-4 oktyabr) davlatlarida tashkil etiladi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, har bir vazn toifasida dunyoning eng kuchli karatechilari ro‘yxati shakllantiriladi.
Xalqaro turnir yakunlaridan keyin murabbiy va hakamlar uchun o‘tkazilgan yilning ilk seminar-mashg‘ulotida O‘zbekiston karate assotsiatsiyasi vakillari ham ishtirok etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA