O‘zbekistonga noqonuniy qurol olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Dovut-ota” chegara bojxona posti orqali Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan “qurerlik jo‘natmalari” bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Tekshiruv jarayonida post xodimlari tomonidan xizmat iti va rentgen apparati yordamida Rossiya fuqarosi tomonidan 1 dona 4.5 mm. pnevmatik to‘pponcha, 2 dona gaz balloni, 1 dona tozalash uchun mo‘ljallangan anjom, 2 dona o‘qdon va 700 dona pnevmatik qurol uchun o‘qlar hech qanday hujjatlarsiz olib kelinayotgani aniqlandi.

Yana bir holatda esa, Qozog‘iston Respublikasidan kirib kelgan fuqaro qo‘l yuklarida 1 dona gaz ballonli to‘pponcha, 11 dona gaz ballon, 1 dona o‘qdon, 1 dona pnevmatik to‘pponcha uchun g‘ilof va 2000 dona pnevmatik to‘pponcha uchun temir sharikli o‘qlarni Rossiya Federatsiyasidan olib kelayotgani aniqlandi.
Bundan tashqari, o‘z transport vositasida O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan fuqaro avtotransport vositasining oldi tomonidagi o‘rindiqlar orasiga vazni salkam 3 kg. bo‘lgan ov miltig‘i o‘qining kapsulalarini xufiyona tarzda yashirib olib o‘tishga uringan holati fosh etildi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA