O‘zbekistondagi bola huquqlari kafolatlari Vena konferensiyasida taqdim etildi
Avstriyaning Vena shahrida YeXHT tomonidan Odam savdosiga qarshi Alyansning "Majburiy jalb qilish shaklidagi jinoyatchilikning o‘sib borishi: xavfsizlik tizimidagi mavjud zaif nuqtalarni bartaraf etish" mavzusidagi xalqaro konferensiyasi o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edik.
Anjumanda global va jamoat xavfsizligiga tahdid solayotgan jinoyatchilikka jalb qilish xavflari muhokama qilindi.
Jabrlanuvchilar – ko‘p hollarda bolalar, ayniqsa, zaif holatdagi shaxslar sanalib, jabr ko‘rgan shaxs sifatida emas, balki jinoyatchi sifatida baholanadi. Bu esa uyushgan jinoiy guruhlarga jazosiz faoliyat yuritish imkonini beradi.
Mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova so‘zga chiqib, mamlakatimizda bolalar huquqlari himoyasi qanday ta’minlanayotgani haqida xalqaro jamoatchilikka ma’lumot berdi.
O‘zbekistonda bolalarning zaif holatidan foydalangan tarzda ularni jinoiy faoliyatga jalb etishning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilayotgani qayd etildi.
Xususan, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilingan. Strategiya doirasida voyaga yetmaganni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etish, bolani jalb etib sodir etilgan har qanday narkojinoyat og‘ir jinoyat sifatida e’tirof etiladi.
Shuningdek, bolalar pornografiyasini tarqatish uchun jinoiy javobgarlik joriy etilgan. Voyaga yetmaganga nisbatan sodir etilgan og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanayotgani to‘g‘risida alohida to‘xtaldi.
Konferensiyada 57 ta YeXHT ishtirokchi-davlatlari va Alyans hamkorlari bo‘lgan yirik xalqaro va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari, ekspertlar, soha mutaxassislari bolalar huquqlari himoyasi bilan bog‘liq ilg‘or tajribalarga alohida e’tibor qaratdi.
N.Abduraimova,
O‘zA