O‘zbekistonda islomiy moliya bozori sakkiz barobar o‘sdi
Bugungi kunda mamlakatimiz moliya-bank tizimida tub tarkibiy o‘zgarishlar jarayoni kechmoqda. Ayniqsa, aholi va tadbirkorlarning milliy hamda diniy qadriyatlariga mos keluvchi islomiy moliya mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishi yildan-yilga emas, balki oy sayin ortib borayotgani bor haqiqat. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan joriy yilning I choragi yakunlari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar ham bu fikrni to‘liq tasdiqlaydi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki uch oyida mikromoliya tashkilotlari (MMT) tomonidan ko‘rsatilgan islomiy moliyalashtirish xizmatlarining umumiy hajmi 11,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Bir qarashda bu raqam umumiy moliya bozori uchun katta ko‘rinmasligi mumkin, ammo dinamikaga e’tibor qaratsak, hayratlanarli holatga guvoh bo‘lamiz: ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli sakkiz barobarga oshgan. Bunday keskin o‘sish sur’ati mazkur yo‘nalishning kelajagi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.
Islomiy moliya tizimi rang-barang instrumentlardan iborat bo‘lsa-da, hozircha yurtimiz bozorida uchta asosiy mahsulot yetakchilik qilmoqda. Eng ommabop yo‘nalish — bu ustama haqi evaziga nasiya savdoni nazarda tutuvchi «Murobaha» shartnomasi bo‘lib, uning hajmi 7,7 milliard so‘mga (jami xizmatlarning 69 foizi) yetdi. Ikkinchi o‘rinda foydani bo‘lishishga asoslangan sherikchilik — «Muzoraba» xizmatlari qayd etildi (2,1 milliard so‘m yoki 19 foiz). An’anaviy lizingning shar’iy muqobili bo‘lgan «Islomiy ijara» esa 1,4 milliard so‘m (12 foiz) hajm bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Ko‘pchilik islomiy moliyani faqatgina fuqarolarning shaxsiy yoki ro‘zg‘or ehtiyojlari uchun zarur deb o‘ylaydi. Biroq raqamlar butunlay boshqa manzarani ko‘rsatmoqda. Bozorning asosiy qismi, ya’ni 74 foizdan ziyodi aynan tadbirkorlik sub’ektlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Xususan, mijozlar tarkibida yuridik shaxslar (korxonalar) yetakchilik qilib, ular ulushiga 5,2 milliard so‘mlik xizmatlar to‘g‘ri keldi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar (YATT) tomonidan olingan mablag‘lar hajmi 3,1 milliard so‘mni, jismoniy shaxslar ulushi esa 2,9 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu holat kichik va o‘rta biznes vakillari o‘z aylanma mablag‘larini to‘ldirish va ishlab chiqarishni kengaytirishda shar’iy me’yorlarga mos moliyaviy resurslarni jalb qilishga ko‘proq intilayotganini anglatadi.
Markaziy bank hisoboti sohadagi jiddiy bir kamchilikni ham yuzaga chiqardi. Bu, xizmatlarning hududlar bo‘yicha o‘ta notekis taqsimlanishidir. Hozirda jami ko‘rsatilgan xizmatlarning mutloq qismi — 10,6 milliard so‘mi (qariyb 95 foizi) aynan Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Viloyatlar ichida esa faqatgina Namangan viloyati (670 million so‘m) biroz jonlanish ko‘rsatgan, xolos.
Vaholanki, Farg‘ona vodiysi, Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo vohalarida islomiy moliya mahsulotlariga bo‘lgan ichki talab juda yuqori. Demak, mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyat geografiyasini kengaytirishi, viloyatlarda yangi tarmoqlarni ishga tushirishi davr talabidir.
Xo‘sh, bu raqamlar ortida qanday iqtisodiy omillar turibdi? Eng avvalo, islomiy moliya an’anaviy bank tizimidan yiroq bo‘lgan, ya’ni «foiz» (ribo) sababli kredit olishni istamaydigan katta hajmdagi mablag‘larni rasmiy iqtisodiy aylanmaga olib kirishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, mikromoliya bozoridagi ushbu 8 barobarlik o‘sish yaqin yillarda yirik tijorat banklari uchun ham jiddiy signaldir. Tez orada an’anaviy banklarda ham «islomiy darchalar»ning ochilishi mazkur bozor hajmining geometrik progressiyada o‘sishiga turtki beradi.
Xulosa o‘rnida aytganda, yurtimizda islomiy moliyalashtirish tizimi o‘zining shakllanish bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, jadal rivojlanish pallasiga kirdi. Bu esa iqtisodiyotimizning barqarorligini ta’minlash va investitsiyaviy muhitni jozibador qilishda yangi, muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA