O‘zbekistonda gender tenglik rivojlanmoqda
Buxoroda “Ijtimoiy tadbirkorlik iqtisodiy rivojlanish va gender tengligini ta’minlash omili sifatida” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining Huquqiy islohotlar dasturi tomonidan tashkil etildi. Unda 30 nafar mahalliy ishbilarmon, tadbirkorlik uyushmalari va birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda davlat idoralari vakillari qatnashdi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar ayollarning huquqiy bilimini yanada kengaytirish, ular orasida ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlarning tadbirkorlikdagi faolligi iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi, barcha sohalarda gender tenglikni rag‘batlantirish ustuvor ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishonchli qonunchilik bazasi yaratilgani ta’kidlandi.
[gallery-17612]
Ma’lumotlarga ko‘ra, gender tenglikka erishishga yo‘naltirilgan islohotlar natijasida 2017 yildan hozirgi vaqtga qadar xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki 21 foizdan 37 foizga oshgan. O‘zbekiston gender tengligini ta’minlash borasida dunyoning eng tez rivojlanayotgan beshta davlatidan biri sifatida e’tirof etilgan. Erishilgan natijalarga qaramasdan, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, qobiliyatlarini va tadbirkorlik salohiyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Ushbu harakatlar xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish yo‘nalishida mintaqaviy darajada keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari