O‘zbekistonda elektron tijorat sohasi rivojlanmoqda
Toshkentdagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida elektron tijorat sohasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar muhokamasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston raqamli kelajagini mustahkamlash: elektron tijorat tendensiyasi, huquqiy asos va global imkoniyat” mavzusida ikki kunlik seminar boshlandi.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida tashkil qilingan mazkur tadbir mamlakatimizda elektron tijorat sohasidagi bilimlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida yetakchi xorijiy mutaxassislar, vazirlik, idoralar hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillarini bir joyga jamladi.
Seminar global raqobatbardoshlikni oshirish, kichik va o‘rta biznes korxonalarini qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy kompaniyalarning xalqaro tovar va xizmat bozoriga chuqurroq kirib borishini ta’minlashga qaratilgan raqamli transformatsiyani shakllantirishga xizmat qiladi.
Hozir yurtimizda elektron tijorat iqtisodiyotning eng tez sur’at bilan rivojlanayotgan sohasi hisoblanadi. Ko‘plab sanoat korxonalari o‘z biznes strategiyasiga elektron savdo vositalarini faol joriy etmoqda. 2024 yil yakuniga ko‘ra, respublikamizda elektron tijorat sohasidagi savdo hajmi 15,2 trillion so‘mni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 108,2 foiz oshdi. Ayni payt sohada 1260 dan ziyod kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ikki yil oldin bu ko‘rsatkich 1077 ta edi.
Ishtirokchilarga elektron tijoratni rivojlantirish, transchegaraviy biznes amaliyoti, shuningdek eng so‘nggi huquqiy va me’yoriy standart bo‘yicha yangi ma’lumotlar taqdim etildi. Bu barqaror va kelajakka yo‘naltirilgan raqamli iqtisodiyotni shakllantirishga ko‘maklashadi.
[gallery-25638]
Anjumanni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktori o‘rinbosari Mirkomil Odilov hamda Osiyo taraqqiyot banki Qonunchilikni isloh qilish departamenti mutaxassisi Hanna Lim kirish so‘zi bilan ochib berishdi.
– OTB Oliy biznes maktabini qo‘llab-quvvatlashdan mamnun, – deydi Lim xonim. – Bu bizning uchinchi o‘quv dasturimiz. Avvalgi mashg‘ulot sun’iy intellekt bo‘yicha o‘tkazilgan edi. Sun’iy intellekt va elektron tijorat o‘rtasidagi mustahkam zanjirni “O‘zbekiston-2030” strategiyasida aks etgan kengroq raqamli transformatsiyaning bir qismi sifatida ko‘ryapmiz. Jamoamiz O‘zbekiston bilan izchil hamkorlik doirasida inson kapitalini yanada keng rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ma’ruzachilar raqamli o‘zgarishlarning iqtisodiy taraqqiyotimiz uchun strategik ahamiyati, mahalliy korxonalarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishda elektron tijoratning o‘rni, shuningdek raqamli iqtisodiyot uchun zamonaviy huquqiy asosni shakllantirishda xalqaro hamkorlik muhimligini alohida ta’kidladilar.
Shu bilan birga elektron tijoratning asosiy yo‘nalishlari, xalqaro savdo platformalarida elektron bitim tuzish sharti, shuningdek davlat idoralari, tarmoq birlashmalari, yirik ishlab chiqaruvchilar va xususiy sektor uchun B2B, B2C, B2G segmentlarida elektron tijorat imkoniyatidan samarali foydalanish uchun shart-sharoit yaratish zarurati ta’kidlandi. Mamlakat uchun barqaror iqtisodiy o‘sishning asosiy omili sifatida elektron tijoratni rivojlantirishga kompleks yondashuv zarurligi qayd etildi.
Seminar davomida bozor tendensiyasi, B2B platformalari, raqamli marketing, huquqiy tartibga solish jarayonidagi o‘zgarishlar, bozorning asosiy ishtirokchilari majburiyati mavzularida sessiyalar o‘tkazildi.
Elektron tijoratda sun’iy intellektni qo‘llash hamda shu nuqtai nazardan Xitoy va O‘zbekiston qonunchiligini qiyosiy o‘rganish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalarda yetakchi xorijiy va mahalliy ekspertlar, jumladan “Alibaba Group” korporatsiyasining Germaniya, Avstriya, Markaziy va Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Turkiya bo‘yicha xalqaro hukumat aloqalari bo‘limi rahbari Frank Lyudvin Shefer, “Alibaba.som” saytining Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Shiyu Xe, O‘zbekiston elektron tijorat uyushmasi rahbari Muzaffar A’zamov singari taniqli ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirda Lukoyl, OTB va Jahon bankining xalqaro loyihalarida elektron tijorat bo‘yicha tajriba orttirgan mutaxassis Feruza Jabborova moderatorlik qildi.
Ekspertlar ma’ruzasi biznesning savdo imkoniyatini kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish uchun elektron tijorat vositalaridan foydalanishga oid asosiy texnologik xususiyatlarni o‘rganish imkonini berdi. Shuningdek, jahon bozori elektron platformalarida muvaffaqiyatli savdo qilayotgan yetakchi xorijiy kompaniyalarning ilg‘or texnologiyasi tahlil qilindi.
Seminar davlat hokimiyati idoralari, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari, ilmiy hamjamiyat vakillari uchun tajriba almashish, elektron tijoratga yangi texnologiya hamda yondashuvlar joriy etish bo‘yicha samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Muharrama Pirmatova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA