O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!
Fotoreportaj
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida tashkil etilgan madaniy tadbir millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni keng targ‘ib qilish barobarida, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida ijobiy va o‘zaro hurmatga asoslangan muhitni mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritilib, ushbu jarayonda yangicha yondashuv va strategik maqsadni birlashtirgan tizim shakllanishiga zamin yaratilganligi alohida ta’kidlandi.
[gallery-8526]
Darhaqiqat, mustaqil O‘zbekistonda millatlar va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Shu jumladan, Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qo‘yilgan. Ular o‘z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Tadbirda rus, koreys, qozoq, qirg‘iz, ozarbayjon milliy madaniy markazlar vakillari o‘zlarining milliy urf-odat va an’analarini tarannum etdi. Milliy taomlar va liboslar namoyishi, millat ruhi bilan yo‘g‘rilgan kuy va qo‘shiqlarda ko‘p millatli xalqimizning yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlari o‘z ifodasini topdi.
Tadbir davomida “Biz birgamiz” huquqiy aksiyasi o‘tkazildi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlari tayyorlagan hunarmandchilik, zardo‘zlik, tikuvchilik, rassomchilik singari qo‘l mehnati mahsulotlarini namoyish etdi.
– Bizlar boshqa millat vakillari bo‘lsak-da, o‘zimiz yashayotgan mamlakatda teng huquqli ekanligimizdan mamnunmiz, - deydi viloyat rus milliy madaniy markazi rahbari “Do‘stlik” ordeni sohibasi Faina Golubsova. – Vatanimizda har bir millat vakillariga, ularning do‘stligi, birdamligiga hamisha e’tibor qaratiladi. Qardoshlikni yanada ulug‘lash maqsadida viloyatimizda o‘tkaziladigan tadbirlarda koreys, qirg‘iz, tojik, qozoq va ozarbayjon millatlari vakillari bilan birga faol ishtirok etib, inoqlik va totuvlikning sururidan bahramand bo‘lamiz.
Furqat TOSHMATOV (surat), O‘zA