O‘zbekistonda davlat boshqaruvini yanada rivojlantirishning aniq maqsadlari belgilandi
Prezidentimizning 2026-yil 8-iyuldagi "Raqamli hukumat" tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilishning yangi bosqichini boshlab berdi. Toshkent davlat yuridik universiteti professori v.b. Akramjon Karimov bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Hujjat "Raqamli O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida yagona raqamli ekotizimni shakllantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, kiberxavfsizlikni mustahkamlash hamda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Qaror bilan 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar, mas’ul tashkilotlar va amaliy "yo‘l xaritalari" tasdiqlandi. Bu davlat boshqaruvini raqamlashtirish jarayonini tizimli davom ettirish va davlat xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
– Qaror bilan aynan qanday muammolar bartaraf bo‘ladi?
– Aytib o‘tish kerakki, hozirgi kunda davlat organlarida turli, o‘zaro integratsiyalashmagan axborot tizimlari qo‘llanilayotgani ma’lumotlarning takrorlanishi, idoralararo axborot almashinuvining sekinlashishi hamda xizmat ko‘rsatish muddatlarining uzayishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida qarorda davlat axborot tizimlarini yagona raqamli muhitga birlashtiruvchi Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani joriy etish nazarda tutilgan. Uning asosida ma’lumotlarni «bir marta kiritish» (Once-Only Principle) tamoyili amalga oshiriladi. Bu fuqaro yoki tadbirkor avval taqdim etgan ma’lumotlarni davlat organlari takroran talab qilmasdan, vakolat doirasida o‘zaro foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
– Fuqarolar uchun aynan qanday qulayliklar yaratiladi?
– Qarorning eng muhim ustuvor yo‘nalishi – inson manfaatlarini ta’minlash. Uning amalga oshirilishi natijasida davlat organlariga bir xil hujjatlarni qayta-qayta taqdim etish zarurati qisqaradi. Idoralararo ma’lumotlar almashinuvi avtomatlashtiriladi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari tezlashadi hamda elektron davlat xizmatlari yanada sodda va qulay shaklda taqdim etiladi.
Bu esa aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilaydi.
– «Raqamli hokimlik» va sun’iy intellekt dasturiy kompleksi qanday ishlaydi?
– Qarordagi muhim yangiliklaridan biri – «Raqamli hokimlik» dasturiy kompleksini joriy etishdir. U hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini doimiy monitoring qilish, geoma’lumotlar asosida tahlil o‘tkazish, mahallalardagi dolzarb muammolarni tezkor aniqlash hamda boshqaruv qarorlarini ma’lumotlarga asoslangan holda qabul qilish imkonini beradi.
Davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ko‘lami kengayadi. Intellektual tahlil, avtomatik prognozlash, raqamli yordamchilar, «Hokimning virtual assistenti» va zamonaviy tahliliy panellardan foydalanish boshqaruv qarorlarining tezkorligi va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
– Bu jarayonlarda kiberxavfsizlik qanday ta’minlanadi?
– Raqamli davlatni barpo etish ishonchli kiberxavfsizlik tizimisiz mumkin emas. Shu bois, qarorda axborot resurslarini himoya qilish, ma’lumotlarni shifrlash, xavfsizlik monitoringini kuchaytirish, xalqaro standartlar asosida audit o‘tkazish hamda shaxsiy ma’lumotlarni ishonchli muhofaza qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan.
Bu davlat raqamli infratuzilmasining barqarorligini ta’minlash bilan birga, fuqarolar ma’lumotlarining xavfsizligini mustahkamlaydi.
Prezident qarorida 2028-yilgacha raqamli davlat boshqaruvini yanada rivojlantirishning aniq maqsadlari belgilangan. Jumladan, davlat organlarining minglab ma’muriy funksiyalarini raqamlashtirish, axborot tizimlarini Yagona integratsiyalashgan raqamli platformaga bosqichma-bosqich ulash, sun’iy intellekt asosida yangi xizmatlarni joriy etish, tahliliy boshqaruv tizimlarini kengaytirish va elektron hujjat aylanmasini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Bu islohotlar davlat xizmatlari sifatini oshirish, boshqaruv jarayonlarini soddalashtirish va davlat organlari faoliyati samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Qarorning eng muhim xususiyati – raqamlashtirishni maqsad emas, balki inson hayoti sifatini yaxshilash vositasi sifatida belgilaganidir. Davlat xizmatlarining soddalashishi, ortiqcha byurokratik jarayonlarning qisqarishi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarining tezlashishi hamda raqamli xizmatlar ko‘lamining kengayishi aholi va tadbirkorlar uchun yanada qulay muhit yaratadi.
Umuman, mazkur qaror davlat boshqaruvining ochiqligi, samaradorligi va shaffofligini oshiradi. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantiradi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova suhbatlashdi