O‘zbekistonda biznes kayfiyati I chorakda qanday o‘zgardi?
O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, xususiy mulkni himoya qilish va ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. 2026-yilning birinchi choragi yakunlari ham mamlakatda biznes muhiti barqaror rivojlanayotganini, tadbirkorlar esa kelajakka katta ishonch bilan qarayotganini tasdiqladi.
Markaziy bank tomonidan 2026-yil birinchi choragida respublika bo‘ylab o‘tkazilgan biznes kayfiyati so‘rovida 2 ming 487 nafar tadbirkor ishtirok etdi. So‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 64 foizi joriy biznes sharoitlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yaxshilanganini qayd etgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning birinchi choragida 56 foizni tashkil etgan bo‘lib, keyingi yillarda tadbirkorlar ishonchi izchil mustahkamlanayotganini anglatadi.
So‘rov ishtirokchilari bank xizmatlari sifatining oshishi, kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi, litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarining soddalashishi hamda ma’muriy aralashuvlar qisqarganini eng muhim ijobiy o‘zgarishlar sifatida baholagan.
Bu omillar tadbirkorlik sub’ektlarining erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun yanada qulay muhit shakllanayotganini ko‘rsatadi. Hisobot davrida ishlab chiqarish hajmlari, buyurtmalar soni, yuk tashish xizmatlari va mehnat bozoridagi faollik yuqori sur’atlarda o‘sdi. Ayniqsa, buyurtmalar hajmi oshganini qayd etgan tadbirkorlar ulushi 57 foizga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 11 foiz bandga yuqori ko‘rsatkichdir.
Toshkent viloyati, Navoiy, Andijon, Namangan va Xorazm viloyatlari iqtisodiy faollikning eng yuqori o‘sishi qayd etilgan hududlar sifatida ajralib turdi. Bu jarayonga ishlab chiqarish, turizm, ta’lim, umumiy ovqatlanish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari asosiy hissa qo‘shdi.
Tadbirkorlarning yarmidan ko‘pi qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj ortib borayotganini ta’kidlagan. Natijada qo‘shimcha xodimlarga talab mavjudligini bildirganlar ulushi 50,4 foizni tashkil etdi. Bu holat ishlab chiqarish quvvatlari kengayayotgani va iqtisodiy faollik oshib borayotganining muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
So‘rov natijalari qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, maishiy xizmat va umumiy ovqatlanish sohalarida kredit mablag‘lariga ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatdi. Tadbirkorlarning 49 foizi yaqin istiqbolda qo‘shimcha moliyaviy resurslarga ehtiyoj ortishini bildirgan. Bu esa iqtisodiy faollikning yanada kengayishi uchun investitsiya va moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etayotganini anglatadi. Hududlar kesimida deyarli barcha viloyatlarda biznes muhiti yaxshilangani qayd etildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tadbirkorlarning 60 foizi biznes sharoitlari yaxshilanganini bildirdi. Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida ushbu ko‘rsatkich 63 foizni tashkil qildi. Farg‘ona vodiysida tadbirkorlarning 65 foizi ijobiy baho berdi.
Qashqadaryo va Surxondaryoda eng yuqori natija kuzatilib, tadbirkorlarning 70 foizi biznes muhiti yaxshilanganini ta’kidladi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida bu ko‘rsatkich 63 foiz bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa 60 foiz tadbirkor biznes sharoitlari yaxshilanganini qayd etdi. Barcha hududlarda bank xizmatlari sifati, raqobat muhiti va litsenziyalash tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar eng muhim omillar sifatida e’tirof etildi.
E’tiborli jihati shundaki, tadbirkorlarning 71 foizi mamlakatda makroiqtisodiy sharoitlar kelgusida yanada yaxshilanishiga ishonch bildirgan. Bu ko‘rsatkich xususiy sektorning iqtisodiy islohotlarga bo‘lgan ishonchi yuqori darajada ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Albatta, energiya ta’minoti, soliq ma’murchiligi, aylanma mablag‘lar yetishmasligi va ayrim infratuzilma bilan bog‘liq muammolar hali ham dolzarbligicha qolmoqda. Biroq umumiy natijalar mamlakatda tadbirkorlik muhitini yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatmoqda.
Xulosa qilib aytganda, 2026-yilning birinchi choragi yakunlari O‘zbekiston iqtisodiyotida xususiy sektorning o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini, tadbirkorlarning ishonch va faolligi esa mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA