O‘zbekiston-Yaponiya: ta’limdagi samarali hamkorlik
Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning Yamagata prefekturasida bo‘ldi. Buxorolik mehmonlar Yamagata universiteti prezidenti, doktor Xidetoshi Tamate bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida Botir Ahmedov mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi tarkibiy o‘zgarishlar mazmun-mohiyati, maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari, respublikaning, xususan, Buxoro viloyatining turizm va sarmoyaviy salohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya xalqlari o‘rtasidagi chuqur tarixiy va madaniy aloqalar, zamonaviy munosabatlarning erishilgan darajasi, savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi ijobiy dinamikasi to‘g‘risida ham batafsil so‘z yuritildi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi, jumladan, “Yashil energiya”, “Tejamkor menejment”, innovatsion rivojlanish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida idoralararo va hududlararo hamkorlikni faollashtirish zarurligi qayd etildi.

O‘z navbatida Xidetoshi Tamate Yaponiya tadqiqot va ta’lim doiralari O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni amaliy jihatdan mustahkamlashdan manfaatdor ekanini alohida ta’kidladi.
Yamagata universiteti prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya universiteti sanoat innovatsiyalari va texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va tibbiy aqlli yechimlarni rivojlantirish yo‘nalishlarida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor.
Shuningdek, yaponiyalik hamkorlar ishtirokida pilot loyihani yo‘lga qo‘yish, akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirish va yapon professorlarini ixtisoslashgan ekspert sifatida Buxoroga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirish maqsadida yaponiyalik mutaxassislarning 2024 yil yanvar oyida, Yamagata universiteti rahbariyatining esa kelasi yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun: Yamagata universiteti xuddi shu nomdagi prefekturaning Yamagata shahrida joylashgan davlat tadqiqot universitetidir. 1949 yilda tashkil etilgan universitet akademik mukammalligi va tadqiqot salohiyati bilan jahonda katta mavqega ega. Universitet dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan moliya, qishloq xo‘jaligi va tibbiyot yo‘nalishlarida bakalavriat, magistratura va professional o‘qitish dasturlariga talabalarni qabul qiladi. Universitet o‘zining innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish bazasiga ega. Unda yirik yapon kompaniyalari bilan hamkorlikda texnologik nou-xaular ishlab chiqiladi. Keyinchalik amaliy qo‘llash uchun startap loyihalari doirasida amalga oshiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri